Sardor Nurullayev: Chempion bo‘lish uchun orzuning o‘zi kamlik qiladi
Turkiyaning Konya shahrida “V Islom birdamligi” sport o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi 265 nafar sportchi bilan 24 sport turidan qatnashib, 51 ta oltin, 42 ta kumush, 65 ta bronza, jami 158 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Terma jamoamiz tarkibida viloyatimizdan 19 nafar sportchi 10 sport turidan ishtirok etib, 16 ta medal (4 ta oltin, 7 ta kumush, 5 ta bronza) oldi.
Ular orasida aka-uka dzyudochi Sardor va Kemran Nurullayevlar ham bor.
Ushbu musobaqada Sardor oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Kemran kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, sportchilar faoliyati davomida O‘zbekiston va Osiyo chempioni, jahon chempionati sovrindori bo‘lishgan.
– O‘zim dzyudochi bo‘lganim uchun bolalarimda ham ushbu sport turiga qiziqish katta bo‘lgan, – deydi sportchilarning otasi Ilhom Xoliqov. - O‘zbekiston va Osiyo chempionatlari, xalqaro musobaqalar sovrindori bo‘lganman. Farzandlarim bilan yoshligidan mashg‘ulotlarni birgalikda olib bordik, musobaqalarga olib chiqdim. Mehnatlarim besamar ketmadi. O‘g‘illarim faoliyatimni davom ettirish bilan birga, O‘zbekiston, Osiyo chempionatlarida va nufuzli musobaqalarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarmoqda. Ular bilan faxrlanaman.
Sardor Nurullayev 1994 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. 10 yoshidan dzyudo bilan shug‘ullangan. 15 yoshida ilk marta yoshlar o‘rtasida Osiyo chempioni bo‘lgan. 1997 yilda tug‘ilgan Kemran esa 18 yildan buyon dzyudo bilan shug‘ullanib keladi. 2012 yildan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. O‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempioni, olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi va Islom birdamligi o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan.
– Sportchi har bir raqibiga qarshi o‘ziga xos taktika bilan chiqadi, – deydi Sardor. – U me’yorida takabbur, me’yorida murosasiz bo‘lishi lozim. Lekin birinchi navbatda, yaxshi inson bo‘lishi va raqib bilan halol kurashishi kerak. Otam doim buni bizga uqtirib, o‘z ustimizda ishlashga undaydilar. 2009 yilda ilk marta yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lganimda sportchi uchun eng muhimi yurt bayrog‘ini baland ko‘tarish, ota-ona, ustozlar ishonchini oqlash ekanligini tushundim. Shundan keyin o‘zimga bo‘lgan ishonch yanada oshdi va dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada Osiyo chempioni, jahon chempionatida bronza medal sohibi, Tokio olimpidasi ishtirokchisi va xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘ldim.
Yaqinda Islom birdamligi o‘yinlarida 66 kilogramm vazn toifasida finalda marokashlik Abdurahmon Boushitani mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdim. Chempion bo‘lish uchun faqat orzu qilishning o‘zi kamlik qiladi. O‘zimiz mehnat qilishimiz, o‘z ustimizda ishlashimiz zarur. Hozirda ukam ikkimiz terma jamoa bilan birgalikda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘ladigan navbatdagi jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Nasib qilsa, yana O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib, oltin medalni qo‘lga kiritamiz.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.