Sarhisob: Yangi ochilgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali qanday ishladi?

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 maydagi qaroriga ko‘ra, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali tashkil etilgandi. Samarqand shahridagi moliya va iqtisodiyot kolleji bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda ushbu oliy ta’lim muassasasiga topshirildi.
Iqtisodiyot tarmoqlari talablari asosida 6 ta yangi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda oliygohning 1 ta fakulteti va 2 ta kafedrasida 29 nafar professor-o‘qituvchilar 225 nafar talabaga zamon talablari asosida ta’lim bermoqda.
Ta’lim sifatini oshirish maqsadida professor-o‘qituvchilar safiga 17 nafar yoshlar jalb etilgan bo‘lib, ulardan 8 nafari xorijda malaka oshirdi. Pedagogik jamoaning 9 nafari xorijda tahsil olgan malakali kadrlar hisoblanadi.
Filialning ilmiy salohiyati 52,7 foizni tashkil etib, kelgusi yilda oliygoh mavqeini yanada oshirish maqsadida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan izlanuvchilar jalb qilinmoqda.
Talabalarning zamonaviy ta’lim olishida qulaylik yaratish maqsadida o‘qitiladigan mavjud fanlarning o‘quv-uslubiy majmualari 100 foiz elektron ko‘rinishga o‘tkazildi.
Shuningdek, filialda hamkorlik borasida ham bir qancha yutuqlarga erishildi. Jumladan, Germaniyaning Veyenshtefan-Trizdorf amaliy bilimlar universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida 1 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Latviya amaliy bilimlar va texnologiyalar universiteti bilan o‘zaro anglashuv memorandumi, “Raqamli iqtisodiyot va texnologiyalari”, “Iqtisodiyot ta’lim” yo‘nalishlarida 2+2 qo‘shma dasturlarini yo‘lga qo‘yish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, talabalar almashinuv dasturini keng joriy qilish hamda kadrlar salohiyatini yanada oshirishga kelishildi. Shuningdek, ushbu dasturlar orqali Markaziy Osiyodan talabalarni Samarqandga o‘qishga jalb etish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Yaponiyaning Xirosaki universiteti bilan Oliy ta’limga oid xalqaro loyihalarni amalga oshirish, talabalar almashinuv dasturini joriy qilish kabi istiqbolli rejalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 2020 yilda talabalar soni 685 nafarga oshiriladi. Iqtisodiyot tarmoqlari talablari asosida 3 ta yangi ta’lim yo‘nalishlari va 1 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Buyuk Britaniyaning Vritl universiteti, Latviya hayotiy fanlar universiteti, Janubiy Koreyaning Kangvon milliy universiteti va Germaniyaning Gissen universiteti bilan qo‘shma dasturlar asosida o‘qitish tashkil etiladi.
Sarvinoz TURSUNOVA,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali matbuot kotibi.