Savol bizdan – javob kimdan?: To‘rt yil TATUda o‘qib, maktabda dars berish mumkin emasmi?
Toshkent davlat axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialining “Informatika va axborot texnologiyalari” bakalavr yo‘nalishida tahsil olgan talabalarga maktabda ish yo‘q.
Ayni paytda Samarqand shahridagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabida informatika fanidan dars berib kelayotgan o‘qituvchidan (ismini sir saqlashimizga to‘g‘ri keldi) shahar xalq ta’limi bo‘limi tomonidan “Sen nopedagog bo‘lganing uchun tarifikatsiyadan o‘tmaysan, olti oy qayta tayyorlovdan o‘tib kelsanggina dars beriladi” deyishmoqda ekan.
Axir to‘rt yil o‘qib oliy ma’lumotni egallagan mutaxassis qanday qilib pedagog bo‘la olmasligi mumkin? Yana diplomiga aniq qilib “Informatika va axborot texnologiyalari” yo‘nalishini tamomladi deb yozib qo‘yilgan bo‘lsa.
Bu birgina maktab misolidagi holat. Ehtimol, boshqa fanlar bo‘yicha viloyatdagi mavjud mingdan ortiq maktablarda ham shu kabi holatlar kuzatilayotgandir?
Axir hozirgi axborot texnologiyalari davrida, mutaxassis o‘qituvchi olti oylab qayta tayyorlovga ketsa, o‘quvchilarga darsni kim o‘tadi, matematika fani o‘qituvchisimi? Xullas, tushunarsiz holat.
Biz ta’lim tizimida bo‘layotgan bunday tushunmovchiliklarga mutaxassislardan javob kutib qolamiz.
Husan ELTOYeV.