Saylov sabog‘i
Belarus Respublikasi va Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasida sodir bo‘lgan voqealar kishida chuqur tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi. Chunki sobiq sho‘ro saltanatining yaqin kelajakdagi qiyofasi aynan ana shu mintaqalarda shakllanmoqda.
Xabarovskda amaldagi o‘lka gubernatori qachonlardir sodir etgan jinoyati uchun hibsga olindi. Gubernator Moskvaga olib ketilib, o‘sha yerda sud qilinmoqchi. Bundan bir qism o‘lka aholisi norozi bo‘lib, ko‘chalarga chiqdi. Ularning talabi bitta, u ham bo‘lsa gubernatorni o‘z joyiga va o‘z vazifasiga qaytarish. Chunki uni xalq saylagan va faqat xalqning o‘zi ishdan ozod qilishi mumkin, deyishmoqda ular. Gubernator Furgalning jinoyatlariga kelsak, odamlarni uning o‘n besh yildan buyon bekitib kelinayotgan qilmishlari nega endi bugun ochilgani shubhalantirayotir.
Belarusda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlari ham kimning kim ekanligini yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Odamlar saylov natijalari qalbakilashtirilgani haqida iddao qilib, davomli ko‘cha namoyishlariga chiqishdi. Lukashenko ham Putin singari yigirma olti yildan buyon davom etib kelayotgan poshsholigini yana cho‘zmoqchi bo‘lgandi, undan hafsalasi sovigan xalq norozilik bildirib ko‘chalarga chiqdi.
Lukashenko bugun umid ko‘zlarini yana Moskvaga tikmoqda.
Shubhasiz, Putin unga yordam qo‘llarini cho‘zadi. Ammo nima evaziga? Hozircha masalaning shu tomoni qorong‘i bo‘lib turibdi.
Gap saylovlar haqida ketarkan, uning nima ekanligini juda yaxshi bilaman. Nega desangiz, o‘n to‘rt yoshimdan boshlab, saylov kampaniyalarida ishtirok eta boshladim. Men sinfboshi bo‘lganim bois, ko‘p tashkiliy ishlarda sinf rahbarimizga ko‘maklashib yurar edim. Bir kuni ustoz qo‘limga qalin daftar berib, saylovchilar ro‘yxatini olib chiqishda yordam berishimni so‘radi. Mikrohududdagi oilalarga kirib, buyurgan ishlarini aytganidek qilib bajarib berdim. Shundan so‘ng deyarli barcha saylovlarda kotib, komissiya a’zosi, komissiya raisi yordamchisi, ishchi guruh kotibi, ishchi guruh raisi singari bepul amallarni ham bajarib keldim.
Eng oxirgi qilgan ishim: bultur mahallamizda o‘tkazilgan oqsoqol saylovida bosh-qosh bo‘ldim va uni iloji boricha demokratik ruhda o‘tkazishga harakat qildim.
Sho‘ro zamonidagi saylovlar o‘zining ajabtovurligi bilan yaqqol ajralib turardi. Xavfliligi shundaki, bu an’ana va nuqtai nazarlarning ayrimlari hali-hamon shuurimizdan ketgan emas.
Unda nomzod, odatda, bitta bo‘lar va saylovchilar byulletenni to‘g‘ri qutiga olib borib tashlashardi. Kimda kim "chimildiq"qa kirsa, shubha ostiga olinar, ularga nisbatan amaldorlar ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishardi. Mabodo, biror kishi nomzod nomi ustidan chiziq tortadigan bo‘lsa (eski tartib bo‘yicha nomzodning familiyasi ustidan chizilardi), u odamga tuzumning dushmani sifatida qaralar edi. Keyingi saylovlar birmuncha zamonaviy qilib o‘tkaziladigan bo‘ldi. Ammo usul o‘sha-o‘sha. Ya’ni yuqoridan ko‘rsatiladigan nomzodlardan keraklisiga ovoz to‘plab berish lozim edi. Mabodo, yetarli ovoz yig‘ilmasa, ko‘proq ovoz olganlarning foizi ham o‘sha odamga qo‘shib yuborilaverardi. Ushbu amaliyotlar so‘nggi instansiyalarda amalga oshirilgani bois biror kishining bunga aralashishga na jur’ati va na jasoratiga ehtiyoj yo‘q edi. Yana masalaning shu tomoni ham bor ediki, deputatning kim bo‘lishidan qat’i nazar hayotda hech narsa o‘zgarmas va buni hamma yaxshi bilardi. Mening tajribamda ko‘rilgan saylovlarning nisbatan haqqoniy bo‘lib o‘tganlariga mustaqilligimiz arafalarida va undan bir-ikki yil keyingi saylovlarni misol qilib ko‘rsatish mumkin. Undan keyingilarida esa garchand yangi-yangi liboslar kiygizilgan bo‘lsa-da, saylovlar ko‘p holda siylovlarga aylanib ketdi.
Eng qizig‘i shundaki, bu siylovlardan iyib ketgan ma’murlar ortiqcha harakat qilib ham yuborishardi. Masalan, saylovlarda kuzatganim, xalq haqiqatan ham o‘z nomzodiga ovoz berdi ham deylik. Ammo yuqoridan kelgan vakil ovozlar sonini ko‘payshtirishga tirishadi. Oqibatda ko‘rsatkich 98 foizdan oshib ketadi. Oxir-oqibat okrug saylov komissiyasidagilar ovozning ortiqcha 20 foizini “kesib tashlaydi”
Mening fikrimcha, xabarovsklik saylovchilar ana shu oddiy bir talabni ham bajarishmagan chog‘i, endi uning jabrini birinchi rahbar sifatida gubernator Furgal tortayotir.
Belarus Respublikasida bo‘lib o‘tgan keyingi prezidentlik saylovi ham xuddi o‘sha sho‘ro davridagi saylovlarni eslatmoqda. Nomzodlikka kerakli odamni qo‘yish, unga yetarli ovozni ta’minlab berish, xullas hamma ishni oldindan belgilab berilgan ssenariy asosida tashkil qilish, bir so‘z bilan aytganda, saylov emas — spektakl.
Garchi saylov har bir davlatning ichki ishi bo‘lsada, boshqalar uning yutuq va xatolaridan saboq chiqarishi zarur. Qarab turaylikchi, natijasi nima bo‘larkin...
Xudoyberdi KOMILOV.