Sayyor qabul samarasi
Viloyat sudi raisi Olim Hayitov Samarqand shahar Xalq qabulxonasida aholi bilan uchrashuv va sayyor qabul o‘tkazdi.
Tadbirda, shuningdek, viloyat sudi hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyalari ishtirok etdi. Qabul jarayonida jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Sayyor qabulda 20 ga yaqin murojaat bo‘ldi. Shundan qonunga muvofiq keladiganlari ijobiy hal qilindi, qolganlariga huquqiy tushuntirish berildi. Sababi, sud-huquq masalalaridagi murojaatlar hal etilishi aksariyat hollarda vaqt va jarayon talab qiladi.
Samarqand shahrida yashovchi 64 yoshli onaxon M. Vahobova sayyor qabul davomida viloyat sudi raisiga murojaat qilib, Turkiya davlatiga borganida qonunni bilmaganligi uchun xorijiy davlatlarga kirish-chiqish tartiblarini buzganligini, buning uchun qonuniy jazosini olib, ozodlikdan cheklash jazosini o‘tayotganligini bildirdi. Bugungi kunda qilmishning oqibatlarini tushunib yetganligi, pushaymonligi va tegishli xulosa chiqarganligi inobatga olib jazoning qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi. Shuningdek, sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazosini o‘tayotgan 19 nafar fuqaro sayyor qabulda qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib, jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi.
Shu yerda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining sayyor sud majlisi tashkil etildi. Sayyor sudda har bir holat alohida ko‘rib chiqilib, murojaatlar ijobiy hal etildi.
Viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.