Sayyor qabuldan so‘ng

Viloyat hokimi E.Turdimovning Payariq tumanida o‘tkazgan sayyor qabulida Chelak shaharchasidagi Bunyodkor mahallasida yashovchi E.Esirgapov yog‘ingarchilik tufayli Chelaktepa ko‘chasi artofidagi ariqlarning bekilib qolishidan yo‘lga suv to‘planayotgani, bu esa maktab bolalari va aholining ko‘chadan o‘tishiga halaqit berayotgani xususida murojaat qilgandi.

Mazkur masala O‘zLiDeP viloyat kengashining ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganda ko‘chaning aksariyat qismida oqova suvlar chiqib ketishi uchun ariqlarning yo‘qligi, borlari chiqindilardan tozalanmagani, yo‘l kesishmalaridagi quvurlar loy va chiqindilar bilan to‘lgani aniqlandi.

Muammoning kelib chiqishiga mahallada istiqomat qiluvchi 2,5 ming aholining o‘z uyi atrofidagi ariqlarni tozalab qo‘yishga xafsala qilmagani, yangi kurilgan xonadonlar sohiblarining ariqlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olgani ham sabab bo‘lgan.

Masalani hal etish uchun xuddudga javobgar sektor rahbari ko‘magida texnikalar jalb qilindi. Yo‘l atrofiga ariqlar qazildi, quvurlar tozalandi. Hududdagi chiqindilar “Toza hudud» davlat unitar korxonasi tuman filiali texnikalari yordamida olib chiqildi. Aholi tomonidan hashar uyushtirilib yo‘llardagi chuqurchalarga tosh yotqizildi.

- Murojaatga viloyat xokimi va O‘zLiDeP xodimlaridan amaliy yordam berilgani mahallamiz aholisining obodchilikka bo‘lgan munosabatini o‘zgartirdi, - deydi Bunyodkor mahallasi raisi O.Davronov. – Odamlar hasharga chiqib, o‘z uyi, qolaversa, ko‘chalarini tozalashga kirishdi.

B.QARSHIYEVA.