Sayyor sudda ko‘rilgan ish taraflarning yarashuvi bilan tugatildi

Kattaqo‘rg‘on tuman 1-son kasb-hunar maktabida jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumani sudi sudyasi F.Salomov aholi bilan uchrashdi va shu yerda sayyor sud o‘tkazdi.

Dastlab sudya F.Salomov shaxsning qadr-qimmatini qasddan kamsitish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun qonunchilikdagi ma’muriy javobgarlik, jazo choralari haqida gapirdi. Shundan so‘ng shaxsning sog‘lig‘iga qarshi qaratilgan va boshqa turdagi ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan huquqbuzarlarga doir ma’muriy ishlar sayyor sud majlisida mazmunan ko‘rib chiqildi.

Xususan, Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan sudlanuvchi Dilshod Raupovga nisbatan fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2017 yil 9 yanvarda chiqargan sud buyrug‘iga asosan undiruvchi O‘g‘iloy Yahyayevaning foydasiga voyaga yetmagan farzandlari ta’minoti uchun berilishi lozim bo‘lgan aliment puli bilan bog‘liq ish ko‘rildi. Aniqlanishicha, D.Raupov 6 322 403 so‘m aliment pulini qasddan to‘lashdan bosh tortib kelgan. Sayyor sud majlisida ushbu summa undirildi va taraflar yarashtirildi. Natijada ish yarashuv munosabati bilan tugatildi.

Ta’kidlash lozimki, Kattaqo‘rg‘on tumani sudi tomonidan yil boshidan buyon 8 marotaba sayyor sud majlislari o‘tkazilgan. Jumladan, 82 nafar shaxsga nisbatan 81 ta ma’muriy ish, 5 nafar shaxsga nisbatan 5 ta jinoyat ishi sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi.