Serdar Berdimuhamedov ota o‘rnini egallaydimi? Turkmaniston prezidentining o‘g‘li hozircha kelgusi saylovdagi yagona nomzod bo‘lib turibdi

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘g‘li Serdar navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida ro‘yxatga olingan birinchi nomzod bo‘ldi. Shu tariqa, Markaziy saylov komissiyasi davlat rahbari lavozimiga nomzodlar ko‘rsatishga rasman kirishdi.

Serdar Berdimuhamedov sentyabr oyida 40 yoshga to‘ldi. Turkmaniston Konstitutsiyasiga ko‘ra, bu prezidentlikka nomzodlar ichida eng yoshi hisoblanadi. Ayni paytda davlat rahbarining o‘g‘li bosh vazir o‘rinbosari lavozimini egallab turibdi. Bungacha Serdar Berdimuhamedov Turkmaniston Oliy nazorat palatasini boshqargan, Davlat xavfsizlik kengashi a’zosi va sanoat vaziri bo‘lgan.

Gurbanguli Berdimuhamedov 11 fevral kuni prezidentlikdan ketish istagini bildirdi. Bu o‘g‘li Bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlanganidan bir yil o‘tib sodir bo‘ldi. 64 yoshli xalq yetakchisi senatorlar oldida so‘zlagan nutqida “payg‘ambar yoshiga yetganini” ta’kidlab, avlodlar almashinuvi zarurligi haqida gapirdi:

“Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida davlat boshqaruvi sari yo‘l ma’naviy muhit va zamonning yuksak talablari asosida tarbiyalangan yosh yetakchilarga berilishi kerak... Milliy merosni teran e’zozlagan yoshlar zamonning ko‘p qirrali va tez o‘zgaruvchan voqeliklariga munosib bardosh bera olishi bilan ajralib turadi”.

Turkmanistonda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 12 martga belgilangan. Ro‘yxatga olingan partiyalar, shuningdek saylovchilarning kamida 10 ming imzosini to‘plagan tashabbuskor guruhlar davlat rahbari lavozimiga nomzodlar ko‘rsatish huquqiga ega.

2017 yilgi oxirgi saylovlarda 9 nafar nomzod ro‘yxatga olingan. Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, Gurbanguli Berdimuhamedov 97 foizdan ziyod ovoz to‘plagan.