Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shahrimizni ozoda saqlaylik!

Bugun shahrimiz kun sayin chiroy ochib, go‘zallashib bormoqda. Katta mablag‘lar sarflanib, keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ammo afsuslar bo‘lsinki, bekatlar, yo‘lak va ko‘chalarga odamlarimizning loqaydligi, ozodalikni saqlash borasidagi bilimi, tushunchasi sayozligi tufayli tashlanayotgan turli chiqindilar shahar ko‘rkiga dog‘ bo‘lmoqda, qolaversa, sog‘ligimizga qay darajadadir ziyon yetkazmoqda.

Axir shahrimiz ko‘chalari ozoda va pokiza bo‘lsa, o‘zimiz xursand bo‘lamiz, kayfiyatimiz ko‘tariladi. Nahotki, mana shu oddiy narsaga amal qilish shunchalik qiyin bo‘lsa? Ona shahrimizni pokiza saqlash har bir fuqaroning burchi emasmi? Ozodalik o‘z salomatligimizni mustahkamlashda ham asosiy omil-ku.

O‘zimiz yashayotgan joyimizni, ko‘cha va mahallamizni, shahrimizni ozoda saqlaylik! Atrofimizdagi e’tiborsiz va farosatsiz kishilarga ozodalikka amal qilish zarurligini aytishdan, tushuntirishdan charchamaylik!