Shaxmatning vatani Hindistonmi yoki O‘zbekiston? FIDE prezidenti javob berdi

Bugun, 26 dekabr kuni Samarqandda shaxmat bo‘yicha jahon chempionati start oladi. Kecha chempionat oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti (FIDE) Arkadiy Dvorkovich ham ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

- Shaxmatning asl vatani Hindiston deyiladi. Ammo Surxondaryodagi Dalvarzintepa, Samarqanddagi qadimiy Afrosiyob tepaliklaridan shaxmatning donalariga o‘xshash shatranjlar topilgan. Shundan kelib chiqib, shaxmatning vatani O‘zbekiston deyishga asos bormi?

- Shaxmat vatani Hindiston deyiladi, lekin qadimiy shaxmat donalari O‘zbekiston hududidan topilgan. Shaxmatning paydo bo‘lishi haqida ko‘plab adabiyotlarni o‘qiganman va ularda shaxmat donalari ilk marta Hindistonga yaqin joylarda topilgani haqida ham fikrlar bor. Ammo so‘nggi izlanishlar va zamonaviy arxelogik topilmalar ko‘rsatadiki, shaxmat o‘yini qadimdan O‘zbekistonga yaqin hududlarda ham rivoj topgan.

- Keyingi yillarda tezkor shaxmat bo‘yicha ketma-ket so‘nggi jahon chempionatlari mezbonligi aynan Markaziy Osiyo mamlakatlariga toshirilayapti. Buni qanday izohlaysiz?

- Jahon chempionatlarining FIDE tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlariga topshirilayotganining asosiy sabablaridan biri Markaziy Osiyoda shaxmatning yangi avlodi yetishib chiqyapti. Xususan, buni O‘zbekiston misolida ko‘ryapmiz. Qozog‘istonda ham ayollar o‘rtasidagi yangi chempionlar paydo bo‘lmoqda. Shuningdek, bu mintaqadagi mamlakat rahbarlarining shaxmatni rivojlantirish uchun berayotgan e’tibori hamda mamlakatdagi homiylarning shaxmatni rivojlantirish uchun qilayotgan ishlari deb bilaman. Agar jarayon davom etsa, bu sport turi Markaziy Osiyoda yanada rivojlanadi.