Shayboniy malikaning madrasasi qayerda?
Shayboniyxonning XVI asr boshidagi hukmronlik yillari Samarqand shahri bilan bog‘liq bo‘lib, bu davrda bir qator bunyodkorlik ishlari olib borilgan, turli inshootlar qurilgan. Shulardan biri qurilishi 15- yilda boshlangan muhtasham madrasa binosi edi. Xalq orasida bu madrasa “Madrasai Oliyai xoniya” - xonga tegishli katta madrasa, deb yuritilgan. Biroq Shayboniyxon madrasa qurilishi tugamay, 1510-yil 10-dekabrda shoh Ismoil Safaviy bilan Marv yonidagi jangda halok bo‘ladi.
Muhammad Shayboniyxonning o‘limi bilan bog‘liq voqeada uning xotinlaridan biri Oysha Sulton xonimning ishtiroki xususida manbalarda qisman ma’lumotlar keltirilgan. Mo‘g‘ul malikalaridan bo‘lgan bu oliy nasab ayol ko‘proq Mo‘g‘ul xonim nomi bilan ma’lum bo‘lgan. Muhammad Shayboniyxonning o‘limidan sal oldin davlat a’yonlarining mashvaratida shoh Ismoil Safaviyning ayyorona chekingan qizilboshlar qo‘shini bilan jang qilish uchun Marvga yurish qilish qanchalik ma’qul degan savol muhokama qilingan. O‘zbek amirlari Movarounnahrga qo‘shimcha harbiy kuchlar yetib kelishini ikki-uch kun kutish kerak, degan fikr bildiradilar. Biroq “Tarixi Rashidiy” asarining muallifi Mirza Muhammad Haydarning bergan ma’lumotiga ko‘ra, Mo‘g‘ul xonim bu masalalarga aralashib, modomiki Shayboniyxon Eron shohiga, uni jangga chorlab, ikki marta maktub yo‘llagan ekan, Ismoil Safaviy uzoq yo‘l bosib, yaqin kelganida, unga qarshi chiqmaslik vijdonsizlik bo‘ladi, shunday ekan, yurakka qo‘rquvni yaqin keltirmay, jang maydoniga yo‘l olish kerak, deb da’vat qilgan. Mo‘g‘ul xonimning bu gaplaridan so‘ng hamma to‘planganlar izza bo‘ladi va qo‘shinlar o‘zlarining mag‘lubiyatlari va xonlarining o‘limi bilan yakunlangan jangga otlanadilar.
Tabiiyki, Muhammad Shayboniyxonning faoliyatini uning keyingi avlodlari davom ettirgan. Undan uch o‘g‘il farzand qolgan bo‘lib, katta o‘g‘li Temur Sulton otasi tomonidan Samarqandda olib borilgan bunyodkorlik ishlarini davom ettirgan. Ammo otasining vafotidan to‘rt yil o‘tib, u ham vafot etgan va madrasa qurilishi yana to‘xtab qolgan. Shayboniyxonning ikkinchi o‘g‘li Zahiriddin Muhammad Boburning opasi Xonzoda begimdan tug‘ilgan Xurram Mirzo bo‘lib, u yoshlik paytida vafot etgan. Uchinchi o‘g‘li Sevinch Muhammad (asli ismi Abulxayr) otasi halok bo‘lganda, yosh qolganligi tufayli, Shayboniyxon avlodlaridan Ubaydullaxon qo‘lida tarbiyalangan.
Shayboniyxonning bunyodkorlik ishlarini keyinchalik uning katta o‘g‘li Temur Sultondan qolgan Po‘lod Sulton davom ettiradi. Bu ishda unga onasi Mehr Sulton xonim yordam berdi va ular birgalikda bobosi va otasi davrida qurila boshlagan madrasani oxiriga yetkazadilar.
Mehr Sulton xonim Shayboniyxonning to‘ng‘ich o‘g‘li Muhammad Temur Sultonning xotinlaridan biri bo‘lgan. Uning otasi Burunduqxon o‘sha yillari ko‘ngilli qo‘shinlarning boshliqlaridan biri hisoblangan. Muhammad Shayboniy bilan Sirdaryo bo‘yi shaharlari uchun bo‘lgan jangda bir necha marta to‘qnash kelgan. Shayboniyxon bilan to‘qnashuvlardan birida navbatdagi mag‘lubiyatga uchragan Burunduqxon u bilan yovgarchilik qilish befoyda ekanligini tushunib, boshqacha yo‘l tutgan, ya’ni qizini Shayboniyxonning o‘g‘li Temur Sultonga nikohlab beradi. Mehr Sulton xonim keyinchalik Temur Sultonning suyukli xotinlaridan biriga aylanadi.
Malika chala qolgan madrasani bitkazish bilan bir qatorda, o‘zi ham shu madrasaning shimoliy qismida ajoyib bir madrasa barpo etadi va ikki madrasani bir-biriga tutashtiradi. Shu bois bu madrasalar xalq orasida “qo‘sh madrasa” yoki “madrasai xurjun” deb nomlangan. Qo‘sh madrasaning kirish eshigi ustidagi ikkinchi qavatda noyob kitoblar to‘plangan kutubxona ham bo‘lgan.
Madrasa ikki alohida inshootdan iborat bo‘lib, o‘z davrida katta voqea bo‘lgan. Bu haqda shoirlardan biri: “Bu qo‘sh madrasa o‘z mahobati bilan Misr ehromlariga (piramidalarga) o‘xshaydi… Go‘yo egizaklar singari kishi qalbini quvontiradi… Misli go‘zallarning ikki yanog‘idek. Bu madrasalar Samarqand shohligini bezaydi va xizmat qiladi”, deya ta’rif beradi.
Mehr Sulton xonim madrasa binosi va undagi ta’lim jarayonini nazorat qilibgina qolmay, moddiy ta’minotiga ham katta e’tibor qaratgan. Bu haqda atroflicha ma’lumot beruvchi manba Mehr Sulton amri bilan tuzilgan va bizgacha yetib kelgan vaqf hujjatidir. Bu hujjat tarixchi olima R.Muqimova tomonidan ilmiy jihatdan o‘rganilgan va matbuotda e’lon qilingan. Aslida vaqfnomaga kiritilgan juda katta mulk Muhammad Temur Sulton tomonidan Samarqand viloyatida tartib o‘rnatish asnosida to‘plangan edi.
Shuningdek, o‘sha davrda mamlakatning yangi hukumdori Suyunch Xo‘jaxon (1510-yil) tomonidan Kesh, Nasaf, Hisor va Amudaryo qirg‘oqlariga qadar bo‘lgan hududlar Muhammad Temur Sulton ixtiyoriga topshiriladi. Bu hududlardan to‘plangan katta mulklar ham uning vafotidan so‘ng Mehr Sulton begim tomonidan vaqfnomaga kiritiladi.
“Vaqfnomai hazrati Shayboniyxon” deb nomlangan ushbu hujjatning bizga qadar ikkita qo‘lyozma nusxasi yetib kelgan bo‘lib, ulardan biri Sankt-Peterburg, ikkinchisi esa Toshkent nusxalari, deb yuritiladi. Vaqfnomaning tuzilish sanasi ko‘rsatilmagan, faqat bir o‘rinda Muhammad Temur Sultonning vafot etgan sanasi (1514-yil 14 mart) keltirilganligini inobatga olsak, hujjat uning vafotidan so‘ng taxminan XVI asrning 20-yillarida tuzilgani ma’lum bo‘ladi. Vaqfnoma o‘rta asrlarda O‘rta Osiyoda qabul qilingan an’anaviy uslubda bitilgan.
“Vaqfnomai hazrati Shayboniyxon”ning Sankt-Peterburg nusxasi o‘sha davrda Samarqandda faoliyat olib borgan qozilarning imzosi va beshta muhri bilan tasdiqlangan.
“Vaqfnoma”da va o‘sha davr tarixiy manbalarida Mehr Sulton xonim yuksak martabali saroy malikalariga beriladigan “Mahdi ulyo” unvoni bilan ham atalgan. Shuningdek, uni Mehribon xonim, Mehri xonim deb ham atashgan.
Hujjatda aytilishicha, madrasa Samarqand Chorsusi yonida joylashgan Bobo Xudoydod mahallasi hududida (hozirgi Registon maydonining shimolida Siyob bozori tomon boradigan yo‘lning chap tomonida) joylashgan. Unda masjid va alohida kutubxona ham bo‘lgan. Har ikkala madrasa 60 tadan tolibi ilmning saboq olishiga mo‘ljallangan.
Har 30 nafar talaba uchun bittadan mudarris tayinlangan va shunga bog‘liq mu’id, musdir va boshqa xodimlar bo‘lgan. Shuning barobarida Qur’oni karimni o‘qish bo‘yicha alohida mudarris tayinlangan. XVII asrning birinchi yarmida madrasada mudarris sifatida “Muzakkir ul-as’hob” (Suhbatdoshlar zikri) tazkirasining muallifi Muhammad Bade’ Maliho Samarqandiy faoliyat olib borgan. Bu insonning Shayboniyxon madrasasida faoliyat olib borishi bu yerda adabiyot, she’riyat nazariyasi, ilmi aruzning mukammal o‘rganilganligidan dalolat beradi. Madrasada faoliyat olib borgan mudarrislar haqida so‘z borar ekan, Zayniddin Vosifiy “Shayboniyxonning Samarqand Chorsusida bino qilingan madrasasiga to‘rtta mudarris tayinlangan edi. Shulardan biri Mavlono Hojagiydir. Ikkinchisi Tillakori madrasasining taniqli mudarrisi Abu Said Mullo Abdurahmondir”, deb yozadi.
Ko‘rinadiki, bu madrasada Ulug‘bek tomonidan XV asrda qurilgan madrasaning birinchi mudarrislarining avlodlari bo‘lmish olimlar talabalarga dars bergan. Malumotlarga ko‘ra, talabalarga ta’lim berish barcha mashhur madrasalar tartib-qoidalariga monand tarzda olib borilgan: ular past, o‘rta va oliy guruhlarga ajratilgan, har bir guruhda 20 nafar talaba bo‘lib, ularning moliyaviy ta’minoti bir-biridan farq qilgan. Past guruh talabalariga yiliga 3000 dinor va 300 man oshlik (arpa, bug‘doy), o‘rta guruh talabalariga 3600 dinor, 450 man oshlik, oliy guruh talabalariga 5400 dinor va 600 man oshlik belgilangan.
Shayboniyxon va Mehri Sulton xonim madrasasi Shayboniylar dahmasi vazifasini ham o‘tagan. 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan kechgan jangda halok bo‘lgan Shayboniyxonning boshsiz tanasi ham keltirilib, shu madrasa sathidagi dahmaga qo‘yilgan. Bu dahmada Shayboniyxon sulolasiga mansub yana o‘ndan ortiq sulton va malikalar dafn etilgan. Ular orasida Mehr Sulton xonim, uning eri va bir qancha qarindoshlari ham bor.
Tarixiy manbalarda aytilishicha, XVII asrning oxiri XVIII asrning boshlarida Samarqanddagi bir qator me’moriy obidalar o‘zaro urushlar yoki qarovsizlik tufayli vayron bo‘la boshlagan. Shu sababli taxminan 1637-1638-yillarda madrasa bir necha marta ta’mirlangan va inshootga yangi o‘zgartirishlar kiritilgan.
XVII asrga kelib madrasa xarobaga aylangan, o‘sha davr hukmdorlaridan Shohmurod (1785-1800) madrasani qayta ta’mirlashga farmon beradi. Bu ta’mirlash ishlaridan so‘ng ham u dastlabki salobati, muhtasham ko‘rinishini yo‘qotadi. Keyinchalik, 1874-yilga kelib yo‘l qurilishi sababli madrasaning bir qismi buzib tashlanadi.
Madrasa XX asrning boshlarigacha saqlangan va qisman faoliyat olib borgan. Ammo hozirgi kunda bu qo‘sh madrasadan nom-nishon qolmagan.
Mahkamoy Tursunova,
Samarqand davlat universiteti professori.