Qozog‘iston ta’lim tizimidagi ilg‘or tajribalar o‘rganildi

3–6 iyul kunlari viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatdagi qator texnikumlar direktorlari va soha mutaxassislaridan iborat delegatsiya Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyatiga bordi.
Mazkur tashrif Qozog‘istonning kasbiy ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalarini o‘rganish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini kuchaytirish va zamonaviy o‘qitish metodlarini tahlil qilishga qaratilgan edi.
Delegatsiya a’zolari Turkiston viloyatining yetakchi kollejlariga borib, bu muassasalarning faoliyati, ta’lim jarayonini tashkil etish usullari, o‘quv-laboratoriya bazasi, pedagog kadrlar faoliyati hamda talabalarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish mexanizmlari bilan yaqindan tanishdilar. Qozog‘istonda kasbiy ta’lim tizimida xususiy sektor bilan uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani va kollejlarning ishlab chiqarish korxonalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiya qilingani, mehnat bozori talablarini inobatga olgan holda ta’lim yo‘nalishlarining shakllantirilayotgani delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuvlarda qator davra suhbatlari va seminarlar tashkil etildi. Qozog‘iston ta’lim tizimidagi raqamli transformatsiya jarayonlari haqida taqdimotlar, bir necha yo‘nalish bo‘yicha amaliy taklif va loyihalar texnikumlar direktorlari va mutaxassislarda qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuv faqat ta’lim sohasidagi tajriba almashish bilan cheklanib qolmadi. Delegatsiya a’zolari Turkiston shahrining tarixiy va ma’naviy manzillari, jumladan, Hoji Axmad Yassaviy majmuasi, Turkiston xalqaro universiteti, zamonaviy madaniy markazlari bilan ham tanishdilar.