Shirin tort, achchiq oqibat: Bayram dasturxoniga tortilgan qo‘lbola mahsulotlar salomatlikka xavf solmasin!

Har safar turli bayramlar arafasida, ayniqsa, Yangi yil oldidan bozorlarimiz turli shirinliklar, oziq-ovqat mahsulotlari, tuzlamalar bilan to‘lib-toshadi.

Bu mahsulotlarni arzon ekan deb xarid qilamiz. Ammo ularning qanday usulda tayyorlangani bilan qiziqmaymiz. Shu sababli ba’zida bayram dasturxoniga qo‘yilgan yeguliklardan zaharlanishlar kelib chiqadi.

Har yili 15 dekabrdan 15 yanvarga qadar viloyatimizda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda “Oziq-ovqat xavfsizlik oyligi” tadbirlarini o‘tkazadi. Joriy yil ham aholining xavfsiz ovqatlanishini ta’minlash maqsadida oylik tadbirlari tashkil etildi. Aholi orasida oshqozon-ichak kasalliklari va guruhli ovqatdan zaharlanish holatlarini, ovqatga bog‘liq yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish maqsadida Oqdaryo, Ishtixon tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahar dehqon bozorlarida o‘rganish ishlari olib borildi.

Monitoring guruhi dastlab Oqdaryo dehqon bozoridagi qassobxonalar va kushxonalarning sanitariya-gigiyena holatini ko‘zdan kechirdi. Bozorda faoliyat yuritayotgan ayrim qassoblarga berilgan ruxsatnomalarining amal qilish muddati o‘tib ketganligi, go‘sht mahsulotlarining yaroqlilik sertifikatlari yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, “Dilshod” oilaviy korxonasi sotuvchisi tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi tug‘risidagi ma’lumotnoma va sotilayotgan mahsulotlarining sertifikatini ko‘rsatolmadi. 10 turdagi qandolatchilik mahsulotlarning qachon ishlab chiqarilgani ma’lum emas.

- Har kuni oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi tadbirkorlar bilan suhbatlar o‘tkazib, tibbiyot daftarchasi, mahsulotlarning yaroqlilik sertifakatlarini ko‘zdan kechiramiz, - deydi tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi bosh shifokori Bahriddin Marqayev. – Savdo qoidalarini buzgan o‘nga yaqin tadbirkor va sotuvchilarni yozma ravishda ogohlantirganmiz. Qo‘lbola tuzlama va shirinliklar tayyorlab sotadigan sotuvchilarga mahsulotlarni tayyorlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishlari zarurligini uqtiramiz.

Ishtixon dehqon bozorida pishirilgan lavlagi, tort va boshqa kremli pishiriqlar usti yopilmagan holatda sotilayotganiga guvoh bo‘ldik. Baliqlar esa  bo‘sh rastalar bo‘lsa-da yerga qo‘yib sotilmoqda. Go‘sht va go‘sht mahsulotlari bilan savdo qilayotgan N.Obloqulovning tibbiy ko‘rikdan o‘tmagani, go‘shtning yaroqlilik sertifikati yo‘qligi aniqlandi. Do‘konda muzlatgich yo‘q. A.Samandarovga tegishli go‘sht do‘konida ham shunday holat kuzatildi.

Bozor hududida joylashgan o‘nga yaqin oshxona sanitariya-gigiyena talablariga umuman javob bermaydi. Oshpazlarning birortasida maxsus kiyim yo‘q. Jumladan, X.Berdiyev ijara asosida faoliyat yuritayotgan oshxonada yarim tayyor mahsulotlar muzlatkichda emas, ochiq holatda turibdi. Oshxona eshigi oldida yuvindi to‘kilgan. Qo‘ra va qozonlar piyodalar yo‘lagiga o‘rnatilib, taom pishirilmoqda. N.Boysariyeva ishlatayotgan kichik oshxona ham sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Eng yomoni, maishiy gaz balloni bilan ovqat pishirilayotgan qozon o‘rtasida masofa bir metr ham chiqmaydi.

Bozor hududida xaridorlarning xavfsizligi ta’minlanmagan. Umumiy ovqatlanish shoxobchalari yonida kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanuvchilar joylashib olgan. Qozonlar yonida devorlarga mix qoqib, mato va  kiyimlarni ilib qo‘yishibdi. Yong‘in chiqsa, hatto o‘t o‘chiruvchi yoki “Tez yordam” mashinalari o‘tishi uchun ham yo‘l qoldirilmagan.

Kattaqo‘rg‘on shahar dehqon bozori haftada to‘rt kun faoliyat ko‘rsatadi. Bu yerda ham oziq-ovqat mahsulotlari yerga qo‘yilgan holda sotilmoqda. Qutilarga solingan mevalar orasida qorayib ketgan, iste’molga yaroqsiz banan, olma va chirigan xurmolarni ko‘rish mumkin. Kimyoviy yuvish vositalari yoniga ochiq holdagi quruq choy, makaron, turli yog‘lar, shuningdek, tuz va pishiriqlar qo‘yilgan.

Oylik davomida barcha bozorlarda, aholi gavjum joylarda, magistral yo‘l yoqalarida xavfsizligi kafolatlanmagan mahsulotlarni sotishni taqiqlash choralari ko‘riladi, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalarida sifatli taomlar tayyorlanishi ustidan nazorat kuchaytiriladi, - deydi viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i Latif Rustamov. – Ayniqsa, uy sharoitida tayyorlangan pishiriqlar, tort, pirojniy va mayonezli salatlar bilan savdo qilish, shuningdek, yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlardan insonlar salomatligiga xavf soluvchi fast-fud mahsulotlarini sotish taqiqlanadi.

Chunki uy sharoitida tayyorlangan qo‘lbola konserva va tuzlamalar, sifatsiz mahsulotlarni iste’mol qilish oqibatida ovqatdan zaharlanish va botulizm kabi noxush holatlar uchraydi. Shuning uchun har qanday mahsulotlarni xarid qilishdan oldin uni yaxshilab ko‘zdan kechiring va sifati buzilmaganligiga e’tibor bering. Yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlar salomatligingiz uchun xavfli ekanligini unutmang.

Dilmurod To‘xtayev.