“Shodlik”da qancha ishsiz bor?

Bolajon xalqmiz. Har bir ota-ona avvalo bolam deydi. O‘zi yemasa ham, ichmasa ham “bolamga bo‘lsin” deydi. Butun hayotini, orzu-umidlarini farzandi, uning kamoloti bilan bog‘laydi.

Ota-onadan qoladigani shu – solih farzandlari-yu yaxshi amallari. Boshqa xalq, boshqa millatlarda o‘zgacha qarash bo‘lishi mumkin, lekin bizda shunday.

Bugun bunday e’tibor bir oila, bir xonadon darajasidan chiqib, mamlakat miqyosidagi ishga aylandi. Davlat rahbarining o‘zi bunga jiddiy e’tibor qaratyapti. Axir ular mening farzandim-ku, o‘zbek xalqining umidi, kelajagi-ku, deyapti Prezident va yoshlar ta’lim-tarbiyasi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun shart-sharoit hamda imkoniyat yaratishni davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etyapti. Buni har bir vazir, hokim, amaldor qulog‘iga quyishga intilyapti.

2020 yilning so‘nggi kunlarida dastlab Yoshlar forumida, keyin Parlamentga Murojaatnomasida ham Prezident bu borada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi. Yilni nomlashda ham bu jihat e’tiborga olindi.

Kuni kecha Prezident yana yoshlar bandligi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish yuzasidan respublika, viloyat, tuman darajasidagi rahbarlar bilan muhokama o‘tkazdi. Vazifalarni yana birma-bir tushuntirdi, ayrim vazirlarga, hokimlarga keskin gapirdi, ayrimlarni ogohlantirdi. Buning uchun vaqtini ayamadi. Maqsad shu – yurtimiz yoshlari munosib shart-sharoitda kamolga yetsin, ta’lim-tarbiya olsin, kasb-hunar egallasin, jamiyatda o‘z o‘rnini topsin, kerak bo‘lsa, dunyoda o‘z ovoziga ega bo‘lsin!

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarning mini-texnologiya va uskunalar xarid qilishi uchun subsidiya ajratish, kredit olishda sug‘urta to‘lovi bo‘yicha ko‘maklashish zarurligini ta’kidladi.

Yoshlar bandligini ta’minlashda eng katta zaxiralardan biri dehqonchilik qilish uchun yer ajratish ekanligi qayd etildi. Albatta, bugungi sharoitda yer ajratish oson emasligi inobatga olinib, buning samarali yechimi ham ko‘rsatildi. Har 10 gektar ekin yeridan 1 gektarini yoshlarga dehqonchilik uchun ajratish tartibi joriy etilishi aytildi.

Bunday tizim mahalliy rahbarlar uchun ham, yoshlar uchun ham eng yaxshi yechim. Faqat bu ish kampaniyabozlikka aylanmasa, qog‘ozlarda qolib ketmasa bo‘lgani. Agar bu ishga vijdonan yondashilsa, haqiqatan ham ishga muhtoj yoshlarga yer ajratib berilsa, harakat o‘z ijobiy samarasini berishi tabiiy.

Endi o‘zimizning mahalla misolida aytsam. Mahallamizda aholi ko‘p emas – 1250 dan ko‘proq. Dehqonchilik yoki bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish uchun yerimiz yo‘q. Lekin, xudoga shukr, xalqimiz tadbirkor, o‘z nonini o‘zi topib yeyishga harakat qiladi. Yaxshi yashash uchun mehnat qilish kerakligini yaxshi biladi. 80 dan ortiq mahalladoshimiz yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi. Ular bir kishi emas, butun oila a’zosi yoki qarindosh-urug‘ini shu ishga jalb qilgan. Shuningdek, yana o‘nga yaqin kishi yirik tadbirkorlik, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadi. “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarish korxonasi tashkil etgan mahalladoshlarimiz bor. Ular ham birinchi navbatda o‘z yaqinlari, qo‘ni-qo‘shnisini ishga olgan. 

Demoqchimanki, mahallamiz aholisi, jumladan, yoshlari orasida bekorchi, hech bir ish bilan shug‘ullanmaydigan kishi yo‘q hisobi. Shunga qaramay, “Yoshlar daftari” shakllantirilib, 179 nafar 18-30 yoshli yigit-qizlar ro‘yxatga olganimizda ular orasida kredit, yer olib, o‘z biznes faoliyatini boshlamoqchi bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etdi. Ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish uchun tuman hokimligi, sektorlar shtablariga ma’lumotlarni taqdim etdik. Kechagi yig‘ilishdan keyin bu yoshlarda ham, o‘zimda ham umid paydo bo‘ldi, yaqin orada ularning masalalarini hal qilish imkoniyati yuzaga keladi.

Mahalla raisi sifatida aytishim mumkinki, qaysidir oilada kelib chiqadigan kelishmovchilikni hal qilish, ehtiyojmand xonadonga yordam berish uchun homiy topish yoki yosh oilaning ajrashib ketishining oldini olish uchun ularni murosayu madoraga keltirishdan ko‘ra, yoshlar bandligini ta’minlash haqida bosh qotirish, ularni qo‘llab-quvvatlash foydali-da. Bugun davlat rahbari tomonidan yoshlar hayoti, buguni va ertasi haqida jon kuydirilishidan ham maqsad shu deb bilaman.

Rofe Nosirov,

Urgut tumanidagi “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi.