Shogirdlar qalbidan joy olgan ustoz

Mamlakatimiz ta’lim tizimiga munosib hissa qo‘shgan insonlarni yodga olish insoniy burchimiz. Ana shunday mehnat fidoyilaridan biri – professor Hasan Begmatov edi.
Hasan Begmatov 1930 yil Kattaqo‘rg‘on tumanining Qo‘yboqar qishlog‘ida, dehqon oilasida tug‘ilgan. Uch yoshida otasidan erta yetim qolgan, hayotning qiyinchiliklarini boshidan kechirgan H.Begmatov 1944 yil Ishtixon tumanining O‘pka qishlog‘ida to‘liqsiz o‘rta maktabni bitirib, shu yili Kattaqo‘rg‘on pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kirdi. 1947 yili mazkur o‘quv yurtini a’lo baholar bilan tamomladi.
Bilimga chanqoq Hasan Begmatov 1947 yilning avgust oyida Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kirish niyatida keladi. Ammo bu paytga kelib imtihonlar tugab ketgan edi. Ammo baxtli tasodif uni universitet rektori Muso Mo‘minovga ro‘para qiladi. Rektor yupun kiyingan, soddagina, ko‘zlari jovdirab turgan bolani sekin gapga solib, undagi favqulodda o‘tkir zehn, qobiliyat borligini sezadi. Bir soat davom etgan suhbatdan keyin rektor Muso Mo‘minov istisno tariqasida tarix fakultetining professor-o‘qituvchilariga to‘rtta fandan imtihon olish to‘g‘risida bo‘yruq beradi. Shu tariqa SamDUning tarix fakulteti talabasiga aylangan Hasan Begmatov butun hayoti davomida taqdirning o‘sha inoyatini, ya’ni rektorning ishonchini oqlashga safarbar etdi. Uning keyingi hayot yo‘li ushbu fikrimizni isbotlaydi.
Hasan Begmatov 1952-1953 yillarda Moskva davlat universiteti qoshidagi o‘qituvchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash markazida bir yillik kursni bitirib, Samarqand kooperativ institutida dastlab katta o‘qituvchi, keyinchalik esa dotsent lavozimida faoliyat ko‘rsatdi.
1960 yilda Samarqand davlat universitetiga qaytib, umrining oxirigacha shu dargohda ishladi. 1963 yilda SamDUning aspiranturasiga kirib, shu yilning o‘zida ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. Oradan yigirma yil o‘tgach, 1983 yili doktorlik dissertatsiyasini yoqladi.
1988-1990 yillarda X.Begmatov tashabbusi bilan mamlakatimizda birinchi bo‘lib Samarqand davlat universitetida “Kulturologiya va millatlararo munosabatlar nazariyasi” kafedrasi tashkil qilindi.
1994 yili X.Begmatov tomonidan “Kulturologiya darsi” buyicha dastur hamda “Kulturologiya – jahon umuminsoniy sivilizatsiya ilmi” deb nomlangan (oliy o‘quv yurtlari uchun) qo‘llanma chop etildi.
Hasan Begmatov ikkiyuzlamachilik, xushomadgo‘ylikni yoqtirmas, talabalarni boshga qilich kelsa ham doim rostgo‘y bo‘lishga, to‘g‘ri gapirishga, davlatga, kishilar haqiga xiyonat qilmaslikka, faqat o‘zi uchun emas, balki jamiyat uchun, insonlar uchun nafi tegishiga chaqirardi. Olim doim o‘z faoliyatini tanqidiy tahlil qilishni yoqtirardi.
Olimning hayotda yaxshi iz qoldirgani uning farzandlari faoliyatida ham ko‘rish mumkin. Hasan Begmatovning uch o‘g‘li ham ota izidan borib, zahmatli ilm yo‘lini tanlagan. Katta o‘g‘li Ilhomjon Moskva davlat universitetida masofaviy ta’lim bo‘lim mudiri lavozimida ishlab kelmoqda. Akbar Hasanovich Novosibirsk davlat universiteti professori. Domlaning o‘n bitta nevarasi va ikkita chevarasi u kishining ruhlarini doimo shod qilib, xalqimizga xizmat qilmoqda. Turmush o‘rtog‘i tarixchi, dotsent Salima Jo‘rayevna hozir 83 yoshda. 60 yil Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida mehnat qilgan.
Domlaning ishlari farzandlari, nevaralari, shogirdlarida davom etmoqda. Bu u kishi yoqqan yaxshilik chirog‘i yana ko‘p yillar davomida nur sochib, insonlarning ezgu yo‘llarini yoritib turadi.
Baxtiyor ERGAShEV,
professor.