Shohi Zinda majmuasidagi ikki maqbaraning nomi nega yo‘q?
Samarqand shahridagi Shohi Zinda majmuasi asrlar davomida nafaqat mashhur sultonlaru amirlar, balki shaxsi noma’lum bo‘lgan insonlarning ham mangu qo‘nim topgan joyiga aylangan. Majmua yuragida joylashgan ikki maqbara esa sirli tarixning eng ta’sirli dalillaridandir.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi maqbara XIV asrning ikkinchi yarmida bunyod etilgan. Uning egasi kim bo‘lgani yoki kimning sharafiga bunyod etilgani aniq emas. Ammo maqbaraning mukammal me’moriy yechimi, nozik bezaklari va muvozanatli shakli jamiyatda muhim o‘rin tutganini ko‘rsatadi. Aynan shu nafislik sabab inshoot bugungi kungacha yaxshi saqlanib qolgan.
Ikkinchi maqbara esa XIV asr oxirlarida, Amir Temur davrida barpo etilgan. Hozirgi kunda uning kirish peshtoqi saqlanib qolgan bo‘lib, poydevori XI asrga oid madrasa qoldiqlari bilan tutashgan. Bu holat Shohi Zinda hududining bir necha asr davomida muqaddas va muhim maskan bo‘lib kelganini yaqqol namoyon etadi.
Ajablanarlisi shundaki, asrlar davomida bu qabrlar saqlanib qolgan bo‘lsa-da, ularning egalari kimligi hanuz noma’lum. Nega Amir Temur davrida, shunchalik nafis va qimmat me’moriy yechimlar bilan barpo etilgan maqbaralarda dafn etilgan insonlarning ismi tarixda qolmadi? Bu savol nafaqat tadqiqotchilarni, balki Shohi Zindaga tashrif buyurayotgan minglab sayyohlarni ham o‘ylantirayotgan bo‘lsa ajab emas.
Balki tarixiy hujjatlar yo‘qolgandir, ularning ismlari ataylab yozilmagandir. Yoki o‘sha davrda ism emas, amal va maqom muhim bo‘lgan. Ehtimol, siyosat, zamon va sukut bu insonlarni tarix sahifalaridan o‘chirib tashlagandir… G‘ishtlar, naqshlar va me’moriy mukammallik o‘tgan zamon ruhini so‘zlaydi. Nom yo‘q, ammo iz bor. Bu haqida kimdir jamoatchilikka aniq ma’lumot yetkazsa yoki tarixiy faktlarni keltirsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Siz nima deysiz?
Sunbula Axmadova,
SamDChT talabasi.