Shoir va talabalar ajdodlarni xotirladi

Pushkin nomidagi viloyat kutubxona markazida o‘quvchi va talabalarning shoir va jurnalist Yor Muhammad bilan uchrashuvi o‘tkazildi.

9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan ijodiy uchrashuvga shoir, yozuvchi, olimlar, Samarqand davlat universiteti, O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti talabalari, SamDU qoshidagi “Shalola”, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi qoshidagi “Sadoqat” ijodiy klublari a’zolari, Samarqand shahridagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi yuqori sinf o‘quvchilari qatnashdi. 

Tadbirda Yor Muhammad ijodining o‘ziga xos qirralari, shoirning Ikkinchi jahon urushi Qahramoni Ahmadjon Qurbonov xotirasiga bag‘ishlab yozgan “Ruh bilan suhbat” dostonida ilgari surilgan g‘oyalar haqida to‘xtaldilar.

Muallifning o‘zi yuqorida tilga olingan dostonning yozilish tarixi, urush yillari xalqimiz boshidan kechirgan mashaqqatlar haqida gapirdi hamda she’rlaridan namunalar o‘qib berdi.

Uchrashuvda Yor Muhammad faol qatnashgan yoshlarga o‘zining kitoblaridan sovg‘a qildi.

Mahbuba Kulova,

viloyat axborot-kutubxona markazi xizmat rahbari.