Shri-Lankada musulmonlarga tajovuz ko‘paydi, hukumat ijtimoiy tarmoqlarni to‘sib qo‘ydi
Shri-Lanka hukumati mamlakatdagi bir nechta ommabop ijtimoiy tarmoqlarni vaqtinchalik to‘sib qo‘ydi.
Bunga sabab, oxirgi kunlar ijtimoiy tarmoqlarda Shri-Lankadagi musulmonlarni butunlay qirib tashlash, ularga tegishli bo‘lgan mulklarni vayron qilishga, shuningdek masjidlarga hujum qilishga chaqiriqlar ko‘payib ketgan.
Musulmonlarga nisbatan bunday chaqiriqlar ko‘payganining sababi esa, mamlakatda joriy yil 21 aprelda ro‘y bergan qator portlashlarni IShID xalqaro terrorchi tashkiloti bilan aloqada bo‘lgan mahalliy islomiy tashkilotlardan biri uyushtirgan deb gumonlangani bo‘lgan.
O‘shandan buyon mamlakatning turli joylarida oz sonli musulmonlarning joniga va moliga tajovuz ko‘paydi. Bunga esa turli ommabop ijtimoiy tarmoqlardagi musulmonlarga qarshi qaratilgan chaqiriqlar ham sabab bo‘layapti.
Oxirgisi, dunyo OAV mahalliy nashrlarga tayanib tarqatgan xabarga ko‘ra kecha Shri-Lankadagi bir nechta masjidga hujum bo‘lgan. Toshbo‘ron qilinishi natijasida Chilau shahridagi masjidlardan birining deraza oynalari sindirilgan. Hodisa yuzasidan jabrlanganlar haqida ma’lumotlar yo‘q.
Shri-Lanka hukumati oxirgi kunlarda musulmonlarga bo‘layotgan zo‘ravonliklar tufayli Facebook, Whatsapp kabi ijtimoiy tarmoqlarni bloklab qo‘ydi.