“Shunchaki yozmoq bu – shoirga o‘lim...”

Samarqand davlat chet tillar instituti sharq tillari fakultetida talabalar va professor-o‘qituvchilarning O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va jurnalist Yor Muhammad bilan ijodiy uchrashuvi o‘tkazildi.
Unda so‘zga chiqqanlar Yor Muhammadning serqirra ijodi, uning qalamiga mansub she’r, hajviya va publitsistik maqolalarning yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati, bugungi kun jurnalistining ma’naviy qiyofasi haqida fikr yuritdilar.
– Yor Muhammad aka ayrim “qalamkashlar”day shunchaki, tirikchilik yoki soxta obro‘ olish uchun yozmaydi, u yurakdan, yonib yozadi. Shuning uchun ham u kishining bitiklari doim o‘quvchilar e’tiborida, - dedi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dilafro‘z Rahmatova. – Yana bir jihati shundaki, muallif uzoq yillardan beri jurnalistikani she’riyat, badiiy ijod bilan birga olib boradi. Masalan, birgina o‘tgan yilning o‘zida “Mushtum” jurnali, “Ishonch”, “Hurriyat” gazetalarida muallifning 10 dan ortiq maqolalari e’lon qilindi. Ular orasida “Mushtum”da chop etilgan “Oyog‘i yerdan uzilganlar”, “Hurriyat”da chiqqan “Aytsam tilim, aytmasam dilim...” maqolalari menda, ayniqsa, juda katta taassurot qoldirdi.
– Kamina ustoz Yor Muhammad aka bilan deyarli hamkasbmiz, u kishi qator yillar mobaynida Samarqand viloyat televideniyesida muharrir bo‘lib ishlagan, - dedi o‘zbek tili, jurnalistika va kompyuter lingvistikasi kafedrasi o‘qituvchisi Hulkar Nurmatova. – Men muallif ijodini qariyb 20 yildan buyon kuzatib kelaman. “Muhabbat bekati”, “Ko‘ngilga tashrif”, “Mangulikning 30 lahzasi” kabi kitoblariga kirgan she’rlarning ko‘pini yoddan bilaman. Shoir so‘zning betakror qudratini yurakdan his etadi, har bir she’r ustida soatlab ter to‘kadi.
Uchrashuvda ijodkor talabalar shoirning asarlaridan hamda o‘zlari yozgan she’rlardan namunalar o‘qidilar.
– Bugungi uchrashuvdan bag‘oyat mamnunman, - dedi Yor Muhammad. - Zero, shoirlik kasb emas, u Alloh taolo tomonidan berilgan iste’doddir, ammo iste’dodning 99 foizi mehnatdan iborat ekanligini ham unutmaslik lozim. Yana bir gap. Ijodni, aniqsa she’riyatni ermak qilmaslik kerak. Agar qo‘ldan kelmasa, bu ishni o‘z vaqtida yig‘ishtirib, boshqa yumush bilan shug‘ullangan ma’qul. Ulug‘ ustoz Abdulla Qahhor aytganiday, “Dushanbadan keyin seshanba keladi degan oddiy gapni aytish uchun she’r yozish shart emas. Uni shundog‘am aytsa bo‘ladi”. Yana men bu borada ustoz shoira Halima Xudoyberdiyevaning quyidagi satrlarini doim takrorlashdan charchamayman.
Shunchaki yozganga ko‘ngil to‘lmaydi,
Shunchaki yozmoqqa bormaydi qo‘lim.
Shunchaki yozganga chidab bo‘lmaydi,
Shunchaki yozmoq bu – shoirga o‘lim!..
Anvar Umrzoqov,
o‘qituvchi.