Sinovlardan mardonavor o‘tayotgan xalq yetuk jamiyat qurishga qodir

Har qanday davlatda ro‘y beradigan ofatlar undagi hayot tarzini tubdan o‘zgartirib, mamlakatda chuqur inqirozlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, og‘ir fojialardan so‘ng ma’lum davlatlar rivojlanib ketgani haqida ham misollar oz emas.
Tarix kitoblarini varaqlaydigan bo‘lsak, o‘rta asrlarda “qora o‘lim” deb atalmish vabo kasalligi tarqalishi butun Yevropa hayotini tubdan o‘zgartirib, uning rivojlanishiga zamin yaratgan degan qarashlar bor. Xirosima va Nagasaki fojiasi hamda urushdagi mag‘lubiyatdan so‘ng Yaponiyaning rivojlanishi, urushdan so‘ng yakson bo‘lgan Germaniyaning tiklanishini misol sifatida keltirish mumkin.
Mazkur davlatlarning og‘ir talafotdan keyin tezda tiklanib olishi va rivojlangan mamlakatlar qatoridan o‘rin olishiga xizmat qilgan asosiy omil jamiyatning yetukligi va samarali boshqaruvidir.
Ta’kidlash lozimki, bugun yurtimizni og‘ir tashvishga qo‘ygan koronavirus pandemiyasi, shamol va suv ofatlari fuqarolar hayotiga xavf solish bilan birga davlat boshqaruvi samaradorligi hamda jamiyatimizning yetukligini jiddiy sinovdan o‘tkazmoqda.
Murakkab vaziyatda mamlakatimizda ro‘y bergan ofatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tezkor va to‘g‘ri qarorlar qabul qilinishi, keng qamrovli ishlar katta uyushqoqlik bilan tashkil etilishi davlatimiz rahbari boshchiligida samarali boshqaruv tizimi shakllanayotganini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi va huquq-tartibotni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatini isloh etishga e’tibor qaratilishi sinovli kunlarda juda katta talafotlarning oldini olishda muhim ahamiyaga ega bo‘ldi, deb o‘ylayman. Masalan, koronavirus pandemiyasi bilan kurashishda, karantin choralariga rioya etilishiga erishishda asosiy og‘irlik ushbu sohalar zimmasiga tushdi. Aytish kerakki, bu ikki tizim og‘ir va mas’uliyatli vazifani sharaf bilan uddalamoqda.
Shuningdek, "Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili" Davlat dasturida davlat organlari, idoralar, barcha korxona va tashkilotlarga "raqamli iqtisodiyot", zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish va rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Bugungi kunda karantin sharoitida barcha sohalarda masofadan ishlash talab etilayotgan vaqtda bu vazifalarning dolzarbligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Yana bir gap. Qurilish tizimida "Korrupsiyasiz soha" loyihasini amalga oshirish va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan qator vazifalar belgilandi. Shu orqali mablag‘larni samarali ishlatish, qurilishda past sifatli materiallardan foydalanmaslik, qurilish ishlariga sohaning mutaxassisi bo‘lmagan xodimlarni jalb qilish amaliyotiga chek qo‘yiladigan bo‘ldi. Prezidentimizning joriy yil parlamentga Murojaatnomasida ham qurilish sohasidagi korrupsiyani bartaraf etish shartligi ta’kidlandi. Bu ishlarni samarali olib borish nechog‘lik muhim ekanini Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida ro‘y bergan fojialar ko‘rsatib berdi.
Bu yil yo‘qotishlar bo‘ldi. Ammo mamlakatimizdagi koronavirus pandemiyasi ham, Buxorodagi shamol va Sirdaryodagi suv ofatlari vaqtida xalqimiz sabr-toqat, mehr-shafqat va yuksak matonatni namoyon etdi.
Xavf-xatar oldida xalqning birlashishi va o‘z irodasini namoyon qilishi jamiyatning yetukligini ko‘rsatadi.
Sinovli kunlardan saboq chiqarib, ishonch bilan ta’kidlash kerakki, turli ofat va xavf-xatarlar oldida mardonavor turadigan xalqimiz Prezidentimizning qat’iy va samarali boshqaruviga tayanib, yetuk jamiyat qurishga qodir ekaniga amin bo‘ldik.
Ulug‘bek VAFOYeV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.