SIUT talabalari uchun Xitoyda maxsus yozgi oromgoh tashkil etildi

Xitoyning yetakchi texnika universitetlaridan biri - Northeast Electric Power University (Shimoliy-Sharqiy elektr energetika universiteti (NEEPU) va Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) o‘rtasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha aloqalar o‘rnatilgan.

Yaqinda universitetning bir guruh talabalari Jilin shahrida joylashgan Shimoliy-Sharqiy elektr energetika universiteti (Northeast Electric Power University (NEEPU)ga “Talabalar almashinuvini kengaytirish va Xitoy-O‘zbekiston do‘stligini chuqurlashtirish” mavzusidagi yozgi oromgohda ishtirok etdi.

Talabalarimiz NEEPU kampusi va o‘quv dasturlari, xorijlik talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, universitetning ta’lim yo‘nalishlari va laboratoriyalari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, ular universitet negizida joylashgan elektr stansiyasida o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlarda ham bevosita qatnashdi.

SIUT talabalari universitet faoliyati bilan tanishishdan tashqari Xitoy davlati madaniyati, urf-odatlari, uning o‘tmishi haqida so‘zlovchi obidalar, jumladan Meteorit muzeyi, Jilin tarixi muzeyi va Beyshan bog‘i, Konfutsiy ibodatxonasi va Longtan tog‘lari kabi turistik maskanlarda sayohatlar qildi.

- Biz birinchi bosqichdanoq talabalar almashinuv dasturlarida qatnashish imkoniga ega bo‘ldik, - dedi Saodat Saleyeva. - Joriy yilning iyun oyida “Oltin Meros” talabalar teatr studiyasi ishtirokchisi sifatida Janubiy Koreyaga borgan bo‘lsam, oradan ko‘p o‘tmay Xitoydagi yozgi oromgohga safar qildim. Biz uchun bu sayohatlar juda muhim, chunki kelajakda Shimoliy-Sharqiy elektr energetika universitetida o‘qishni davom ettirishni rejalashtiryapmiz.

- Jilin shahridagi safarimiz mobaynida biz yangi do‘stlar orttirib, ular bilan xitoy tilida muloqot qilishga harakat qildik, - dedi Olim Do‘stmurodov. - Quvonarlisi, SIUTda bir yil davomida xitoy tilida egallagan bilimlarimiz qo‘l keldi. Men Xitoyning energetik taraqqiyotining guvohi bo‘ldim. Biz NEEPU talabalari uchun sanoat ishlab chiqarish zonasi bo‘lgan mahalliy elektr stansiyasida laboratoriya tadqiqotlarida qatnashdik.

Shuningdek, universitetlar o‘rtasida hamkorlik doirasida nafaqat talabalar, balki professor-o‘qituvchilar orasida akademik almashinuv yo‘lga qo‘yilgan. Yangi 2024-2025 o‘quv yilida NEEPUning yana 2 nafar mahoratli professori – Li XingCan va Zhang SuHan CIEPning “Issiqlik energetikasi” dasturi bo‘yicha ta’lim jarayonlariga jalb etildi.

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) axborot xizmati.