Siz kelasiz ko‘kdagi hilol

Gulchiroy Oltin (Abdullayeva) - 1986 yil 19 avgustda Paxtachi tumanidagi Dehqonobod qishlog‘ida tug‘ilgan. Navoiy madaniyat va san’at kollejini tugatgan. Paxtachi tuman madaniyat bo‘limida faoliyat ko‘rsatadi. She’rlari tuman gazetasida chop etilgan. Oilali, uch nafar farzandi bor.

Kutish

Siz kelasiz kutib yashasam,
Gar chidasam dardu hijronga.
Siz kelasiz sizni unutmay,
Sizsiz sig‘may tursam zamonga.

Siz kelasiz, sizga bo‘lib ishq,
Qalbingizda mangu yonolsam.
Qahri qattiq qahratondan so‘ng,
Bahoringiz bo‘lib qololsam.

Siz kelasiz ko‘kdagi hilol,
Yulduzlarni allalagan chog‘.
Siz kelasiz chiroyga to‘lar,
Bizni intiq kutayotgan bog‘.

Siz kelasiz, qo‘lingizda gul,
Sho‘x kuylaru, yallalar bilan.
Ikkimizga buyuk baxt tilab,
Farishtalar aytishar o‘lan.

Siz kelasiz, gar kelmasangiz,
Tanholikni ixtiyor etgum.
Mayli yillar bo‘lsin beshafqat,
Kelasiz deb toabad kutgum.
***
Endi bahor bizni izlasin

Kutaverib charchadik, toldik,
Ul bahorga yetmadi qo‘lim.
Oshiq ko‘zdan baloga qoldik,
Bo‘ldi endi ketamiz, ko‘nglim.

Endi bahor bizni izlasin,
Suv quridi oldida oqqan.
Unga yomon bo‘lgan biz o‘sha -
Xazonlarni sochiga taqqan.

Endi bahorga ham yo‘q havas,
Gullar bizga suqlanib boqsin.
Qaramaymiz ortiq qayrilib,
Ko‘zlaridan daryolar oqsin.

Zinhor qaramaymiz qayrilib,
Anduhlarni xudoga soldik.
Endi bahor bizni izlasin,
Biz xazonga bog‘lanib qoldik.

***
Sizni eslab
«Meni eslab yig‘laysiz hali»
Nodir Jonuzoq.

Sizni eslab yig‘lashim rostdir,
Atirguldek to‘kilib g‘arib.
Yuzda ajin, qo‘llarda qadoq,
Bel bukilar, sochlar oqarib.

Eslab sizni yig‘lashim aniq,
Ko‘zlarimda tomchi yosh qolmay.
Tukilaman oyog‘ingizga,
Lolalardek uzoqqa bormay.

Eslatadi sizni nilufar,
Eslatadi atirgul bot-bot.
Sizni eslab yig‘layman hamon,
Chiroylidir siz bor bu hayot.

Sizni eslab yig‘lashim rostdir,
O‘z qa’riga tortar bu botqoq.
Lola misol tugayman bir kun,
Siz tomosha qilasiz uzoq!

Gulchiroy Oltin.