Siz yaxshi rahbarmisiz? (O‘ziga bino qo‘yganlar o‘qimasin)
Albatta, garchi ayrim qusurlarini pinhona tan olsa-da, hech qaysi rahbar o‘zini yomon yoki vazifamga nomunosibman, demaydi. Ammo o‘z faoliyatiga chetdan qarab qo‘yish foydadan xoli emas.
Ijtimoiy tarmoqlardagi so‘rovlar natijasiga ko‘ra yaxshi rahbar quyidagilarga ega bo‘lmog‘i lozim:
- halol, pokiza, o‘qib olingan mutaxassislik va diplomga;
- maslahat bera oladigan, o‘zi hurmat qiladigan ustozga;
- boriga shukur qilish va qanoatga;
- kundalik nashr va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borish, vaqt topganda kitob o‘qish ko‘nikmasiga;
- birov haqida ma’lumot beruvchi g‘iybatchilarni eshitmaslik xislatiga;
- o‘zini bo‘lar-bo‘lmasga maqtovga yo‘l qo‘ymaslikka;
- e’tirozlar ko‘paygach yoki yoshi o‘tib qolganda lavozimni tark eta olish irodasi.
Quyidagilar rahbar faoliyatining asosiy tamoyillari hisoblanadi:
- reja tuza bilish, har bir xodimning funksional vazifasini belgilab berish;
- reja ijrosini doimo nazorat qilish;
- o‘ziga munosib shogird, o‘rinbosar tayyorlash;
- o‘z sohasi bo‘linmalaridagi vaziyatdan xabardor bo‘lish.
- xodimlarga majlisdagi nutqi, maslahat emas, balki shaxsiy ibrati orqali saboq berish;
- tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilikka berilmaslik;
- jamoada oshkoralikni ta’minlash.
Xo‘sh, bir o‘ylab, tahlil qilib ko‘ringchi, sizning faoliyatingizda ushbu tamoyil, prinsip va xislatlar bormi? Bor bo‘lsa – ko‘p yashang, ishni qo‘rqmasdan davom ettiring. Aks holda… boshqa joydan ish toping.