Skeletlar qirg‘og‘i

Bu Afrikadagi Namibiya sahrosining Kunen va Ugad daryolari oralig‘ida joylashgan. Bu joy jumbog‘i asrlardan buyon odamlarni qiziqtirib keladi.

 Namibiya mamlakatiga tegishli sirli quruqlik 500 ming kilometrdan ziyod. Sayyoramizda bunday hayot nishonasi bo‘lmagan joyni uchratish amrimahol. U o‘zining mungli va ko‘ngilda xavotir uyg‘otadigan “Skeletlar qirg‘og‘i” nomini bejizga olmagan.

  Sahroning okean qirg‘og‘idagi bu bo‘lagi haqiqatdan odamlar va hayvonlar qoldiqlari bilan to‘lib-toshgan. Osmondan olov purkayotgan quyosh ostida uzoq yillar sochilib yotgan suyaklar jazirama issiq va shamol ta’sirida aqlbovar qilmas darajada oppoq sayqallangan.

 Odam suyaklarining bu quruqlikda paydo bo‘lishi asrlar davomida atrofdan o‘tgan kemalar tez-tez halokatga uchragani bilan izohlanadi. Jon saqlab qolishga uringan dengizchilar cho‘kayotgan kemadan, tabiiyki, qirg‘oqqa intilishgan. Ammo bu yerda hayot nishonasi bo‘lmaganligi, jazirama issiq haroratning kecha-yu kunduz kuzatilishidan o‘limga mahkum bo‘lishgan. Sahroda ozuqa ham, boshpana ham topishning sira iloji bo‘lmagan.

Ammo asrimizning boshlarida bu yerga tez-tez kelib turadigan ekspeditsiya vakillari bu “sir” bilan bog‘liq holatning kalavaning uchini topishganday bo‘ldi. Gap shundaki, ular mahalliy baliqchilarning bir hikoyasini tinglab, sinchiklab o‘rganishga kirishdi. Ulardan birida baliqchilar qirg‘oqda bir kuni boshi tanasidan judo qilingan to‘qqizta skeletni, sal narida murg‘ak bola qoldig‘ini topishgan. Ularning har biri ko‘kragida qandaydir tilda yozilgan taxtacha bo‘lgan. Afsuski, hech kim uni o‘qiy olmagan.

Namibiya sahrosidagi skeletlar “sir”ini hamon olimlar ochisha olmayapti.

T. Shomurodov tayyorladi.