Sog‘liqni saqlash vazirligi: 2030 yilga borib, dunyo aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi bir necha o‘n yil ichida ortiqcha tana vazni va semizlik muammosi butun dunyoda kuchayib bormoqda. 2030 yilga borib, dunyo aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin. Semizlik nafaqat kattalar o‘rtasida, balki bolalar va o‘smirlar orasida ham jiddiy muammoga aylanib bormoqda.
Ma’lumotlarda keltirilishicha, 1975 yildan ayni paytga qadar dunyodagi semiz odamlar soni uch baravar oshgan. 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan 340 milliondan ziyod bolalar va o‘smirlar semizlikka duchor bo‘lishgan. Mazkur faktlar jamiyatimiz uchun semizlik jiddiy tahdid ekanini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.
Aksariyat hollarda semizlik kasallik bo‘lib, teri osti va tananing boshqa joylarida me’yordan ortiqcha yog‘ to‘planishi natijasida kelib chiqadi. Kam harakatlanish, genetik faktorlar, endokrin kasalliklar, noto‘g‘ri ovqatlanish yoki psixologik buzilishlar, stresslarga beriluvchanlik kabi faktorlar semizlikni keltirib chiqaradi. Ushbu sabablardan eng ko‘p uchraydigani kam harakatlanish, noto‘g‘ri ovqatlanish va genetik faktorlardir.
Semizlik oqibatida metabolik sindrom, qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, miokard infarkti, insult, gipertoniya kasalligi, surunkali vena qon-tomirlarining yetishmovchiligi, xoletsistit va o‘t-tosh kasalligi, artritlar, osteoxondroz va osteoartrozlar, umurtqa pog‘onasi churralari, jigarning yog‘li distrofiyasi hamda onkologik kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Butujahon sog‘liqni saqlash tashkilotining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, yurak, qon-tomir kasalliklari yer yuzida o‘limning asosiy sababchisi bo‘lib, aynan semizlik uning rivojlanishiga olib keladi.
Ortiqcha vazn va semizlikka qarshi sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik hamda zararli odatlardan, ya’ni tamaki va alkogol mahsulotlaridan voz kechish orqali kurashish mumkin. Bunda jismoniy faollik: sport bilan shug‘ullanish, piyoda yurish, gimnastika mashqlarini bajarish hamda badantarbiya bilan shug‘ullanish muhim o‘ringa ega.
Ma’lumki, yurish orqali yurak qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli o‘smalar, nafas olish a’zolarining surunkali kasalliklari va qandli diabet kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olgan bo‘lamiz. Bundan tashqari, jismoniy faollik sabab nosog‘lom turmush tarzi, noto‘g‘ri ovqatlanish, chekish, ichish kabi salbiy illatlarga ham chek qo‘yiladi.
Gimnastika mashqlarini bajarish orqali esa mushak tizimi mustahkamlanadi, bo‘g‘imlar harakati yaxshilanadi, kuch, tezlik, chidamlilik tarbiyalanadi. Sog‘lomlashtiruvchi ta’sir kuchiga ega mashqlar tufayli qomatning tik va to‘g‘ri rivojlanishi ta’minlanadi.
Ko‘rinib turibdiki, har ikki holat inson tanasining chiniqib, ortiqcha vazndan xalos bo‘lishiga xizmat qilar ekan.