Sog‘lom yurak – sog‘lom hayot

Shu shior ostida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat mintaqaviy filialida aholi uchun bepul chuqurlashtirilgan kardioskrining ko‘riklar tashkil qilindi.
Butunjahon arterial gipertoniyaga qarshi kurashish kuni munosabat bilan tashkil etilgan aksiyada viloyatimizning 200 nafardan ortiq aholisi markazning funksional diagnostika bo‘limining yetakchi mutaxassislari tomonidan EXO, EKG, UZI hamda laborator tahlillar, kardiolog, okulist, nevropotolog, endokrinolog ko‘riklaridan bepul o‘tkazildi.
- Tibbiy tekshuruvlar natijasida aholi orasidan xavf guruhiga oidlari ajratib olindi, - deydi markazning maslahat poliklinika va diagnostika bo‘limi boshlig‘i Jahongir Sanaqulov. - Bemorlarga o‘z salomatligiga jiddiy e’tibor qaratish va hududida yoki mazkur markazda davolanishi kerakligi to‘g‘risida tushunchalar berdik. Eng muhimi, shifokor va mutaxassislarimiz tomonidan aholiga yuragi sog‘lom bo‘lsa hayoti ham mazmunli bo‘lishi haqida eslatmalar tarqatdik. Albatta, bu kabi tibbiy tekshiruvlarni joylarda ham davom ettiryapmiz.
Tadbirda aholiga yurak-qon tomir tizimi kasalliklari asosan ko‘proq jismoniy harakati kam yoki noto‘g‘ri ovqatlanishdan kelib chiqishi tushuntirildi. "Fast-fud"lar, o‘ta yog‘li, qovurilgan, xolesteringa boy taomlar, shirinliklar, gazli ichimliklarni me’yoridan ko‘p iste’mol qilish, spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari iste’moliga ruju qo‘ygan, me’yoridan ortiq va kam uxlovchi kishilarda hamda ruhiy zo‘riqish holatlarida yurak bezovtaligi yuzaga kelishi aytib o‘tildi.
- To‘g‘risi, qon bosimim ko‘tarilgani bois tez-tez tibbiy ko‘rikdan o‘tib turaman, - deydi Past Darg‘om tumani, Balxiyon mahallasidan kelgan Oyzoda Boltayeva. - Biroz imkoniyatim bo‘lmagani uchun to‘liq tekshiruvdan o‘tolmagandim, bugungi bepul tekshiruvdan o‘tib, o‘zimni yengil his qildim. Albatta, endi shifokorlar bergan tavsiya asosida davolanishni boshlayman.
Husan ELTOYeV.