Soliqlarni vaqtida to‘layapsizmi?

Soliq kodeksiga ko‘ra, jismoniy shaxslar uchun mol-mulk va yer soliqlarini to‘lashning dastlabki muddati 15 aprel sanasiga belgilangan.

Mol-mulk va yer soliqlari Soliq kodeksining tegishli moddalariga binoan undiriladi. Xususan, Soliq kodeksining 419-moddasiga muvofiq, mol-mulk solig‘i jismoniy shaxslarning egaligidagi uy-joylar, kvartiralar, dala hovlilar, yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk ob’yektlari va qurilishi tugallanmagan yashash uchun mo‘ljallanmagan ob’yektlar uchun hisoblanadi. Yer solig‘i esa Soliq kodeksining 433-moddasiga asosan mulk huquqi, egalik qilish, foydalanish, ijara yoki meros huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalaridan olinadi.

2025 yilda jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i soliq solish ob’yektlaridan kelib chiqib kadastr qiymatining 0,34  foizdan 1,5 foizgacha tashkil etadi. Yer solig‘i esa yer maydoni va joylashuviga qarab tabaqalashtirilgan stavkalar asosida hisoblanadi va viloyatimiz uchun bazaviy yer solig‘i stavkasi 1 kvadrat metr uchun mutlaq o‘lchamda 433 so‘m etib belgilangan.

Hududlarning va faoliyat amalga oshiriladigan joylarning xususiyatlarini hisobga olgan holda xalq deputatlari viloyat Kengashlari o‘rnatilgan mol-mulk va yer solig‘i stavkalariga kamaytiruvchi va oshiruvchi koyeffitsiyentlar belgilashga haqli. Shuningdek, soliq kodeksining 421 va 436-moddalariga muvofiq, ayrim toifa fuqarolar uchun mol-mulk va yer solig‘idan imtiyozlar taqdim etilgan. Bu imtiyozlar aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, urush faxriylari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, I va II guruh nogironlari, yolg‘iz pensionerlar, boquvchisini yo‘qotganlar, kam ta’minlangan oilalar, pensiya yoshiga yetgan shaxslar uchun soliq imtiyozlari amal qiladi. Buning uchun qonuniy yengillikka ega bo‘lgan shaxslar soliq imtiyozlarini olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini yer uchastkasi joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etishlari lozim.

Mol-mulk va yer soliqlaridan tushgan mablag‘lar davlat byudjetining muhim qismini tashkil qiladi. Ushbu mablag‘lar, mahalliy infratuzilmani yaxshilash, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash, shahar va qishloqlarni obodonlashtirish, ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, ushbu soliqlar hududiy byudjetlarga yo‘naltirilgani sababli, bevosita o‘sha hududdagi infratuzilma va ijtimoiy loyihalar uchun sarflanadi.

Fuqarolar soliq to‘lovlarini amalga oshirish uchun bir necha qulay to‘lov tizimlari - soliq.uz mobil ilovasi, Click, Payme orqali onlayn ravishda amalga oshirishlari mumkin. Bu usullar fuqarolarga soliqlarni o‘z vaqtida va qulay tarzda to‘lash imkoniyatini beradi.

Soliq to‘lash - bu nafaqat fuqarolik burch, balki davlatning rivojlanishiga qo‘shilgan ulush hamdir. 15 aprelga qadar mol-mulk va yer soliqlarini o‘z vaqtida to‘lash har bir fuqaroning majburiyati bo‘lib, bu jarayon qonuniy tartibda kechishi kerak. Soliqlarni o‘z vaqtida va to‘liq to‘lash orqali fuqarolar nafaqat huquqiy mas’uliyatini bajaradi, balki jamiyat farovonligiga ham hissa qo‘shadi.

Viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.