Soxta “farmatsevt”lar faoliyatiga chek qo‘yildi

Davlat bojxona qo‘mitasining kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro J.N. boshqaruvidagi “Neksiya-2” rusumli hamda fuqaro Sh.I. boshqaruvidagi “Spark” avtomashinalari belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Mazkur avtomashinalar yukxonasi va salonida qog‘oz qutilarga solingan xorijda ishlab chiqarilgan, sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan turli nomdagi dori vositalari va ularning noqonuniy realizatsiyasidan olingan 21,4 million so‘m pullar borligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar berdi.

 Olib qo‘yilgan dori vositalarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra salkam 205 million so‘mni tashkil qilmoqda.

Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro A.X. 23 xil turdagi sifati kafolatlanmagan dori vositalarini yashirincha pullayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Olingan ashyoviy dalillar umumiy qiymati 50 million so‘mlik 731 quti dori vositalarini tashkil qildi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.