Samarqanddagi farmatsevtika korxonalari qancha dori ishlab chiqardi?

Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida o‘tkazilgan Samarqandda dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarish holati va rivojlantirish imkoniyatlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda shu savolga javob izlandi.

Unda viloyat hokimi, sektor rahbarlari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, sohaga aloqador tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, 2020 yilda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 6 ta farmatsevtika korxonasi tomonidan 111 milliard so‘mlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich 2019 yilga nisbatan 2,4 barobar (2019 yil 46 milliard so‘m) ko‘p bo‘lsa-da, respublikada ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlarining 4,4 foizini tashkil etadi. Yangi ishga tushirilgan korxonalar hisobiga bu ko‘rsatkich joriy yilning yanvar-may oylarida 10 foizga yetdi.

2020 yilda «Samarkand England Eco-Medical» qo‘shma korxonasi 925,3 ming dollarlik dori vositalari, “OPTIMA SOBIRJON" mas’uliyati cheklangan jamiyati 722 ming dollarlik tibbiy qo‘lqoplar eksport qildi.

- Dori vositalari import qiluvchilarga soliqlardan birmuncha imtiyozlar berilgan va ular tejalgan mablag‘ hisobidan o‘zining dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasi uchun iqtisodiy asos bor, - dedi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. -  Tadbirkorlar eng katta muammosi bo‘lgan yer ajratilishida Prezidentimizning 2021 yil 15-16 apreldagi tashrifidagi topshirig‘iga asosan barcha tumanlarda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi filiallari tashkil etiladi. Xususan, Jomboy tumanida 107 gektar yer maydoni ajratilib, hudud farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi.

Viloyat hokimining yordamchisi N.Ibragimovning aytishicha, hozirgi kunda Oqdaryo tumanidagi "Vaksina farm medikal" MChJ, Samarqand shahridagi "Samarqand England Eco-Medical" MChJ qo‘shma korxonasi, Past Darg‘om tumanidagi "Fortuna Urgut medikal" MChJ, Jomboy tumanidagi “Polidar Farm” MChJ va "PHARM PARTNERS GROUP" MChJlarning dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish loyihalarini ishga tushirish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilyapti.

Qo‘shrabot tumanidagi “FARANGIZ” xususiy korxonasi na’matak, pol-pola, romashka, isiriq, turkiyalik tadbirkor “Alixan organik agro” MChJ lavanda, Nurobod tumanida “Samarkand Herbal medicine” va “Bahrom bobo” fermer xo‘jaligi na’matak, kovrak, qalampir yalpiz, dalachoy o‘ti, achchiq bodom, qizil do‘lana plantatsiyalarini yaratish ustida ish olib bormoqda.