Sport xabarlari: Samarqandda yengil konstruksiyali yopiq muz qoplamali maydonlar quriladi
Prezidentimiz shu yilning 4 fevraldagi “Qishki sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekistonda qishki sport turlarini 2020-2023 yillarda rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi.
Tasdiqlangan qaror hamda dastur ijrosi yuzasidan viloyatda ham chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, Samarqandda qishki sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish, viloyat sportchilarini xalqaro sport musobaqalari, jumladan, Xitoyning Pekin shahrida 2021 yilda bo‘lib o‘tadigan qishki Osiyo o‘yinlari hamda 2022 yilda o‘tkaziladigan XXIV qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorlash ishlari boshlab yuborildi va ushbu musobaqalarda munosib ishtirokini ta’minlash uchun zaruriy choralar ko‘rilmoqda.
2020-2023 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida Samarqandda xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy sport asbob-uskunalari bilan jihozlangan yengil konstruksiyali yopiq muz qoplamali maydonlar quriladi.
Viloyatda qishki sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etiladi. Ya’ni, 1-bosqich tuman va shaharlar miqyosida, 2-bosqich hududlar miqyosida va 3-bosqich respublika miqyosida. Shuningdek, davlat sport ta’lim muassasalari sportchilari o‘rtasida qishki sport turlari bo‘yicha hududiy, respublika va xalqaro o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.
Viloyatda mavjud sport infratuzilmasini inobatga olgan holda davlat sport ta’limi muassasalarida sportning qishki turlari, ayniqsa, konkida figurali uchish, short-trek, kyorling, xokkey turlari bo‘yicha bo‘limlarni tashkil etish bo‘yicha jismoniy tarbiya va sport vazirligiga takliflar ishlab chiqilmoqda.
Viloyatdagi sport maktablari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida turldi davra suhbatlari, shoular, onlayn muloqotlar, mahorat darslari hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida davra suhbatlari tashkil etiladi.
Dastur ijrosiga muvofiq qishki sport turlarini rivojlantirish sarf-xarajatlari viloyat mahalliy byudjeti, sport federatsiyalari (uyushmalari), klublar, xorijiy investorlar, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.