SSV: Maktab sumkasini tanlash va undan foydalanishda nimalarga e’tibor berish kerak?

🗓 Yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli haftalar qoldi. Hozirdanoq bozoru do‘konlarda o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar savdosi avjida. Bunday vaziyatda eng ko‘p xarid qilinadigan mahsulotlardan biri — maktab sumkalari!

🔎 Ammo ko‘pchilik bolalar ularni tanlashda portfelning tashqi ko‘rinishiga, ota-onalar esa chidamliligi, qulayligi hamda bahosiga alohida e’tibor qaratishadi.

❓Xo‘sh, bu borada tibbiyot mutaxassislarining tavsiyalari qanday?

🔽 Respublika bolalar ortopediya markazi direktori Akbar Tilyakov shu mavzudagi mulohaza va xulosalari bilan o‘rtoqlashdi.

🩻 — Noto‘g‘ri tanlangan va foydalanilgan ryukzaklar maktab yoshidagi bolalarning umurtqa pog‘onasi hamda mushaklari uchun ortiqcha yuklamani keltirib chiqaradi, — deydi mutaxassis. — Bu holat kelgusida skolioz kabi kasalliklarning rivojlanish xavfini oshirishi mumkin.

🔹 Maktab sumkasi bolaning orqa qismiga qulay joylashadigan o‘lchamda, tasmalari yelka qismiga botmaydigan keng va yumshoq yostiqchali qoplamalar bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.

🩺 Matosi suv o‘tkazmaydigan, orqa astari esa yupqa bo‘lmasligi kerak. Aks holda, sumka ichidagi qatiq buyumlar, kitoblar jildining burchaklari kuraklar hamda bel sohasida og‘riq va jarohatlarni keltirib chiqarishi xavfi bor.

❗️Ryukzaklarni ikki yelkaga baravar osish tavsiya etiladi. Bu og‘irlikning tana bo‘ylab muvozanatli taqsimlanishiga xizmat qiladi va umurtqa pog‘onasi egriligi bilan bog‘liq patologiyalar kelib chiqishidan asraydi.

✅ Maktab sumkasi beldan pastga tushmagan holatda, lekin undan 5 santimetrdan kam bo‘lmagan uzunlikda taqib yurilishi maqsadga muvofiq.

‼️ Ryukzakning umumiy og‘irligi bola vaznining 10-15 foizidan oshmasligi kerak. Bu me’yor kichik yoshdagi o‘quvchilar uchun taxminan 3-5 kilogramm, o‘rta sinfdagi bolajonlar uchun 6-8 kilogrammga teng.

▶️ Sumkaga o‘quv qurollari va jihozlarini joylashtirish ham muhim jarayon. Jumladan, og‘ir narsalar ryukzak o‘rtasiga, yengillari har ikki tomoniga muvozanatli solingani ma’qul.

📌 Qolaversa, katta hajmdagi, og‘ir va noqulay ryukzaklardan foydalanish bolajonlarning zinapoya va yo‘laklarda yiqilish xavfini oshiradi, deya xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati.