Sud raislari olis hududlarda qabul o‘tkazdi
Samarqand viloyati sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi B.Diyorov Paxtachi va Narpay tumanlarida sayyor qabullar o‘tkazdi.
Bu haqda viloyat sudi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalar bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.
Viloyatning olis hududlari hisoblangan mazkur tumanlarda sud raislari aholi bilan uchrashuv, davra suhbati va sayyor qabular o‘tkazdi. Fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolar, sud-huquq masalalariga oid murojaatlar shu yerning o‘zida batafsil muhokama etilib, hal etish choralari ko‘rildi. 34 ta murojaatning 17 tasi ijobiy hal qilindi. 17 kishiga belgilangan tartibda huquqiy tushuntirish berildi.
Tashkil etilgan sayyor sudlarda esa 12 nafar shaxs (Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan) jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod qilindi. Ma’muriy ishlar yuzasidan 5 nafar shaxsga nisbatan ishlar ko‘rilib, yengillik berildi.
Jumladan, Narpay tumani Nog‘oraxona mahallasida yashovchi R.Yuldoshev qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib xulosa chiqarganini bayon qilib, tayinlangan ozodlikdan cheklash jazosini yengillashtirishni so‘rab murojaat qildi. Shu yerda tashkil etilgan sayyor sud majlisida uning murojaati qanoatlantirilib, jazodan shartli ozod qilindi.