Sud tizimida korrupsiyaga o‘rin yo‘q

Samarqand shahridagi yoshlar markazida «Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.  O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi,Sudyalar oliy kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda viloyat sudlari sudyalari va sud apparati xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlandiki, yurtimizda azaldan qozi donishmandlik, axloqiy poklik, halollik ramzi bo‘lib kelgan. Taassufki, ayrim ta’magir, sudga tasodifan kirib qolgan, o‘z manfaatini xalq manfaatidan ustun qo‘yadigan kimsalar tufayli bu soha ma’lum darajada obro‘sizlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 maydagi "O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida boshqa sohalar qatori sud tizimini "korrupsiyasiz soha"ga aylantirish vazifasi belgilangan. Shu asosda sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish maqsadida Sudyalar oliy kengashi ta’sis etildi.

Sudyalar oliy kengashi sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligini ta’minlash bilan bir qatorda sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashning samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rmoqda.

- Sud tizimida sog‘lom va har qanday illatlardan xoli muhitni shakllantirish bugun har birimizning muhim vazifamiz bo‘lishi kerak, - deydi jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisining o‘rinbosari O‘.Mamadaliyev. - Bu yo‘lda to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish, sud tizimi sofligi va shaffofligini ta’minlash, ayniqsa, uning obro‘siga putur yetkazayotgan korrupsiyani bartaraf etish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifamiz hisoblanadi. Shu jihatdan, bugungi tadbir har bir sud xodimining hushyorligini oshirish, pirovardida sud tizimining obro‘si yuksalishida muhim omil bo‘lishi shubhasiz.

Tadbirda mazkur vazifadan kelib chiqib, sud tizimida korrupsiyani oldini olish, unga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida, korrupsion jinoyatlarni sodir etgan sud tizimi xodimlari bilan bog‘liq vaziyatlar aks etgan “Tavba va tazarru” rukni ostidagi hujjatli film namoyish etildi.

Yo.Gadoyev.