Sudda byurokratik to‘siqlar qay tariqa bartaraf etiladi?

Bugungi kunda yurtimizda inson huquqlarini himoya qilish borasida 8 ta konstitutsiyaviy qonun, 15 ta kodeks va 600 dan ziyod qonun qo‘llanilmoqda. O‘z navbatida, qonunchilikni takomillashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning konstitutsion va yuridik huquqlarini, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydigan hujjatlar qabul qilinishiga asosiy e’tibor qaratildi.

Xususan, joriy yil 3 sentyabr kuni davlatimiz rahbarining “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Endi fuqarolarning sudga borib vaqtlarini sarflamasdan, elektron tartibda shikoyat va arizalarni taqdim etib, ijrosini elektron tarzda kuzatib borishlari mumkin bo‘ladi.

Qarorga asosan jismoniy va yuridik shaxslarning sud hokimiyati bilan munosabatlari bosqichma-bosqich elektronlashtirib boriladi. Xususan, 2021 yil 1 yanvardan barcha sudlarda sud majlislarini ish bo‘yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish yo‘lga qo‘yiladi.

Olti oydan so‘ng, ya’ni 1 iyuldan apellyasiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar o‘rtasida taqsimlash avtomatik ravishda amalga oshiriladi.

Barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida 2021 yil 1 oktyabrdan SMS xabar orqali bepul asosda xabardor qilinadi.

Shuningdek, 2022 yil 1 yanvardan sud qarorlarini ish bo‘yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etiladi.

Umuman, 2022 yil 1 iyulga qadar sud hokimiyati organlari faoliyatida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Muayyan ishni ko‘rish jarayonida zarur bo‘lgan ma’lumotlar va hujjatlar 2023 yil 1 yanvardan sudlar tomonidan bevosita davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olinadi. Ya’ni, fuqarolarning ovora bo‘lishiga o‘rin qolmaydi.

Shuningdek, sudlar tomonidan jarimalarni kamaytirish yoki ularni qo‘llamaslik masalalarini ko‘rib chiqishda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» va boshqa axborot tizimlarining integratsiyasi orqali fuqaroning mulkiy holati va ijtimoiy ahvoli haqidagi ishonchli ma’lumotlardan foydalaniladi.

Aliment miqdorini belgilashda ham tumanlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqlari to‘g‘risida ma’lumotlarni axborot tizimi orqali elektron shaklda olish orqali amalga oshiriladi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga da’vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etadi.

Sud majlisi ishtirokchilari tomonidan ham ma’lumotlar va hujjatlar elektron shaklda yuboriladi.

Albatta, ushbu yirik o‘zgarishlar va islohotlar yaqin kelajakda sud hokimiyatining chinakam mustaqil organ sifatida maqomini oshirishga, fuqarolarning sudlarning ochiqligi va shaffofligiga ishonchini yanada oshirishga, sudlarning adolat qo‘rg‘oniga aylanishiga bevosita xizmat qiladi.

Zafar IBRAGIMOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tumani sudi raisi.