Sudyalar bo‘lajak shifokorlarni qonunchilikdagi yangiliklar bilan tanishtirdi

Samarqand shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida viloyat sudi sudyalari va sud xodimlari o‘quvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda Samarqand viloyati sudi sudyasi T.Qodirov o‘quvchilarga sud-huquq tizimidagi islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirar ekan, bu yangiliklarni yoshlar qay tarzda qabul qilishi, o‘rganishi lozimligi haqida gapirdi. Qonunchilikdagi yangiliklarni yoshlar ongiga singdirishning afzalliklari va ahamiyatini oddiy misollar bilan izohladi.
Sudya Sh.Ramazonov bu yil mamlakatimizda Prezident saylovi o‘tkazilishiga haqida gapirib, 2021 yil 8 fevralda qabul qilingan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati haqida tushuntirish berdi. Saylov har bir fuqaroning huquqlaridan biri ekanligini ta’kidlab, saylov qonunchiligini puxta o‘rganish va boshqalarga da’vat qilish barchaning burchi ekanligi haqida gapirdi.
Viloyat sudi sudyasi Shohida Murodulloyeva “Korrupsiya - jamiyat taraqqiyoti kushandasi” mavzusida chiqish qildi. U yoshlarga korrupsiya jamiyatni yemiruvchi, rivojlanishga to‘siq bo‘luvchi illat ekanligini haqida misollar bilan tushuncha berdi. Korrupsiyasiz sog‘lom jamiyat qurish bosh maqsadimiz ekanligini qayd etdi.
Shuningdek, F.Qarshiyev, N.Hamroyevlar oilalarda ma’naviy axloqiy kadriyatlarni mustahkamlash, sog‘lom muhitni yaratish, oila institutini rivojlantirishda sudlarning roli haqida gapirdi. Yoshlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, oilaga mas’uliyat xislatlarini shakllantirish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerakligini izohladi.
Tadbir so‘nggida oilaviy ajrimning ayanchli oqibatlari haqida videorolik namoyish etildi.
Viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.