Sudyalarning oliy malaka hay’atiga rais saylandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Shuhrat Polvonov Sudyalarning oliy malaka hay’ati raisi etib saylandi.
Shu haqdagi Oliy sud Plenumi qarori bilan Oliy sudning to‘qqiz nafar sudyalaridan iborat Sudyalarning oliy malaka hay’ati tarkibi ham tasdiqlandi.
Sudyalarning oliy malaka hay’ati O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari orasidan Sudyalar oliy malaka hay’atining raisi, uning o‘rinbosari va a’zolaridan iborat tarkibda besh yil muddatga saylanadi.
Ma’lumot uchun: Polvonov Shuhrat Tog‘aymuratovich 1977 yil 11 dekabrda Samarqand viloyati, Paxtachi tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.
2015 yildan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi.
2022 yil noyabr oyigacha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lgan.
Sh.Polvonov 2022 yil 19 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga saylangan.