Sug‘orish tizimida inson omili kamaytiriladi

Prezidentimizning 2022 yil 1 martda “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish hamda suv iste’molchilari orasidagi munosabatlarni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror ijrosi yuzasidan viloyatda suv resurslarini samarali boshqarish, ularning hisobi va hisobotini to‘laqonli yuritish, suv iste’molchilari orasidagi munosabatlarni takomillashtirish hamda ushbu jarayonlarga xususiy sektorni keng jalb qilish maqsadida viloyat hokimining qarori qabul qilindi.

Qaror bilan qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilar va aholi tomorqalarini suv bilan ishonchli ta’minlash, irrigatsiya tizimlari va sug‘orish tarmoqlarining hamda ulardagi gidrotexnik inshootlarni doimiy texnik soz holda tutish belgilandi

Yirik qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar o‘z hududida suvni boshqarish va taqsimlash ishlariga jalb qilinadi. Iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan ta’minlashga oid davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik tamoyillari keng joriy etiladi. Suvning hisobi va hisobotini inson omiliga minimal ravishda bog‘liq bo‘lgan avtomatlashtirilgan tizimlar orqali yuritish choralari ko‘riladi.

2023 yil yakuniga qadar qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar hududidagi suv xo‘jaligi ob’yektlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ularning balansiga beriladi va belgilangan tartibda kadastr hujjati rasmiylashtiriladi.