Suv tejovchi texnologiyalar asr muammosining yagona yechimi bo‘lib qolmoqda
Dunyodagi iqlim o‘zgarishi, anomal issiq haroratning uzoq muddat saqlanib turishi, qor qatlamlarining tez erib borishi qishloq xo‘jaligi ekinlarini vegetatsiya davrida sug‘orishda suv taqchilligiga sabab bo‘lyapti.
Bu holat faqat Markaziy Osiyo davlatlarida emas, dunyoning aksariyat mintaqalarida kuzatilmoqda. Yurtimizda suv tanqisligi muammosini yumshatish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiya”si qabul qilinib, sohani rivojlantirish bo‘yicha uzoq mudddatli yer va suv resurslaridan foydalanish tizimi ishlab chiqilgan va amaliyotda uni joriy qilish ishlari davom etmoqda.
Jumladan, Suv xo‘jaligi vazirligi negizida Suv xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi tashkil etilib, suv tejamkor loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu o‘z navbatida suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladigan maydonlarning 2018 yildagi 1,7 foizdan 2024 yilda 32 foizga yetkazilishiga imkoniyat yaratadi. Dunyo tajribasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu hozircha sohada suv tanqisligining oqibatlarini yumshatish va mahsulot yetishtirishni barqaror saqlashdagi yagona yechim bo‘lib qolmoqda.
Bu borada viloyatimizda ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, joriy yilda viloyat bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari tomonidan 28 ming gektar maydonga suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish belgilangandi. Shundan 7300 gektarga tomchilatib sug‘orish, 3300 gektarga yomg‘irlatib sug‘orish, 2600 gektarga diskretli sug‘orish, 9300 gektarda egiluvchan quvur va plyonka to‘shab sug‘orish hamda 5500 gektar maydon lazerli yer tekislagich yordamida tekislandi. Bu kabi tadbirlarning amalga tadbiq etilishi natijasida keyingi uch yilda viloyat bo‘yicha 42,5 ming gektardan ortiq maydonga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi. Shundan 4500 gektar paxta maydoni, 5504 gektar intensiv bog‘-tokzor va boshqa ekinlar tomchilatib sug‘orish, 3124 gektar g‘alla va 81 gektar boshqa ekin maydonlariga yomg‘irlatib sug‘orish tizimi joriy etildi. 8356 gektar maydonga egiluvchan quvur va plyonka to‘shab sug‘orish, 3 235 gektar maydonga diskret sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan hamda 17 694 gektar ekin maydonlari lazerli yer tekislash yordamida tekislandi.
Bu ishlarning amalga oshirilishi natijasida suv iqtisod qilinishiga erishilishi bilan birgalikda qariyb 90 ming gektar ertaki va g‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga takroriy ekinlar ekish imkoniyati yaratildi. Natijada viloyat bo‘yicha birgina shu yilning o‘zida takroriy ekindan 1 million 450 ming tonnadan ziyod sabzavot, kartosha va dukkakli ekinlardan hosil yig‘ishtirib olinishi kutilmoqda. Bu, avvalo, fermer xo‘jaliklarining daromadini oshirishga sharoit yaratsa, ikkinchidan, bozorlarimizda to‘kinlik, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash va ko‘proq eksport qilishga imkoniyat yaratadi.
Paxta-g‘alla va meva-sabzavot yetishtiruvchilarga suv tejovchi texnologiyalar uchun subsidiya mablag‘larining ajratilishi kelgusida tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash uchun katta imkoniyatlar yaratishi bilan birga har gektar maydondan olinadigan hosilning yanada yuqori bo‘lishiga zamin yaratadi.
Bekzod TUGALOV,
viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘i.