Suvdan oqilona foydalanishning zamonaviy tizimlari joriy etilmoqda
Mamlakatimizda suv xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, suv xo‘jaligini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, suv resurslarini boshqarish, suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, “BAT O‘zbekiston” kompaniyasida ham kelgusida atrof-muhitni muhofaza qilish, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha yirik ekologik maqsadlar belgilangan.
Suv resurslari taqchilligi sezilayotgan hududda joylashgan O‘zbekistonda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalarini hal etish juda muhim. Shuning uchun kompaniyamiz suv iste’molida sifat jihatidan yangi standartlarni joriy etish ustida ish olib bormoqda.
2020-2022 yillarda ishlab chiqarish maydonlarimiz Samarqand shahridagi fabrika va Urgut fermentatsiya zavodida suv iste’moli va sarfini kamaytirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. Ya’ni, oshxona, choyxona, yuvinish xonalari va hojatxonalarda zamonaviy avtomatik suv ta’minoti tizimlari o‘rnatildi. Suv sizib chiqishi mumkin bo‘lgan quvurlar tizimi bo‘ylab profilaktik ishlar amalga oshirildi.
Ishlab chiqarish maydonchalarida suv iste’molini kamaytirish uchun markazlashtirilgan elektron suv hisoblagichlar o‘rnatilgan.
Shuningdek, joriy yil kompaniya korxonalarida “Alliance for Water Stewardship” (AWS) – suv iste’moli bo‘yicha Alyans xalqaro standartini joriy etish bo‘yicha ishlanmoqda. Ushbu standart nafaqat korxonalarni, balki aholining barcha qatlamlari uchun suvdan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi. Bu xalqaro standartni joriy etish maqsadida Samarqand shahri Farhod shaharchasi va Urgut shahridagi fabrikamizga yondosh mahallalar aholisi, korxona va tashkilotlar vakillari bilan suvdan foydalanish, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarining holati bo‘yicha masalalar kelishib olindi. Mazkur uchrashuvlarda Ekologiya qo‘mitasi, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda Urgut tumani bo‘limi vakillari, suv xo‘jaligi xodimlari ishtirok etdi.
Yaqinda Samarqand shahridagi fabrika va Urgut fermentatsiya zavodimizga suv resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi tajribalarimizni o‘rganish va sertifikatlash uchun “Alliance for Water Stewardship” xalqaro auditorlarining (Buyuk Britaniya) tashrifi rejalashtirilgan.
“BAT O‘zbekiston” kompaniyasi axborot xizmati.