«Suvni asrang!» aksiyasida faol ishtirok eting!
Hurmatli samarqandliklar!
Ertaga - 20 iyul kuni Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, viloyat "Suvoqova" davlat unitar korxonasi hamda yoshlar ittifoqi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda “Suvni asrang!” shiori ostida aksiya o‘tkazadi!
"Suvoqova" davlat unitar korxonasi xodimlari va yoshlar ittifoqining ko‘ngilli yoshlari kun bo‘yi Samarqand shahridagi xonadonlarga kirib, aholining suv iste’mol qilish madaniyati, foydalanish va tejash holati hamda ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolarni o‘rganadilar.
Ichimlik suvining har tomchisini asrab, bekorga oqib yotgan suv jo‘mraklarini berkitaylik, eng chekka xonadonlar, ko‘p qavatli uylarning yuqori qavatlarida yashayotgan hamshaharlarimizga suv yetib borishi uchun harakat qilaylik.
Ma’lumotlarga qaraganda, bir daqiqa ochiq qolgan suv jo‘mragidan 5 litrdan ortiq suv tushar ekan. O‘n daqiqa ochiq qolsa, 50 litr, bir soat ochiq qolgan jo‘mrakdan 300 litr suv oqib, isrof bo‘ladi. Endi buni o‘n soatga, bir sutkaga ko‘paytiring… Buning hisobini kim beradi?
Unutmang, Siz ichimlik suvi bilan tomorqa sug‘orayotgan, ko‘cha va hovlilaringizga suv sepib, salqinlatayotgan, mashinangizni yuvayotgan paytingizda yer yuzida millionlab insonlar bir hovuch suvga zor bo‘lib yuribdilar, suvsizlikdan halok bo‘lmoqda.
Aziz, hamshaharlar, “Suvni asrang!” aksiyasida faol ishtirok eting va bir tomchi bo‘lsa ham ichimlik suvini asrashga o‘z hissangizni qo‘shing!
Suv ─ bu hayot! Suvni asrab, hayotimizni asraymiz!