Yangilangan suv oqova tizimidan 80 ming aholi foydalanmoqda
Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasida Butunjahon banki bilan hamkorlikda «Buxoro va Samarqand shaharlarida tozalash inshootlari va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish» loyihasi qurilishi yakuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Jahon banki tomonidan 5 287 AQSh dollari miqdorida ajratilgan mablag‘lar hisobidan 2016-2021 yillarda Samarqand shahrida suv tozalash tizimini yangilash va rekonstruksiya qilish ishlari olib borildi.
Jumladan, Farhod shaharchasidagi quvvati 3 ming metr kub bo‘lgan oqova suv tozalash inshooti to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Jami 93,2 kilometr oqova tarmoqlari qurilib, ta’mirlandi. Shuningdek, Samarqand tumani Zaxlik qishlog‘idagi oqova suv tozalash inshooti va 5 ta oqova suv nasos stansiyalari qurilib ishga tushirilishi natijasida 80 mingdan ziyod aholi suv oqova tizimidan foydalanmoqda.
Loyiha taqdimotida Butunjahon bankining O‘zbekistondagi ofisining loyihalar bilan ishlash guruhi vakili Xayri al-Jamal boshchiligidagi guruh a’zolari ham ishtirok etib, foydalanishga topshirilgan oqova suv inshootlari jahonda yetakchi kompaniyalarning muhandislari bilan hamkorlikda olib borilganligiga to‘xtaldi. U inshootlar faoliyati va tozalangan oqova suv sifati talab darajasida ekanini ta’kidladi.
Ta’kidlanishicha, Samarqand tumanidagi Zaxlik qishlog‘idagi oqova suv tozalash inshooti to‘liq xalqaro standartlarga javob beruvchi «A» toifaga ega bo‘lib, tozalangan suvning sifati hatto Markaziy Osiyo davlatlariga ham namuna bo‘ladigan darajada. Bugun barcha mamlakatlarda bo‘lgani kabi viloyatimizda ham suv tanqisligi mavjudligini e’tiborga oladigan bo‘lsak, tozalangan suvlardan qishloq xo‘jaligida, sanoat, iqtisodiyotning boshqa qator sohalarida ham foydalanish mumkin.
- Besh yil davomida Samarqandda bir necha suv tozalash inshootlari rekonstruksiya qilinib, yangi tarmoqlar qurildi, - deydi Butunjahon bankining O‘zbekistondagi ofisining suv ta’minoti va okova suvlarini tozalash ishlari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Xayri al-Jamal. - Endilikda bir kecha-kunduzda 140 ming metr kub oqova suvni tozalash imkoniga ega bo‘lgan inshootlar 500 mingga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Kelajakda Samarqandda yana yangi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Tez orada Kattaqo‘rg‘on shahrida ham suv tozalash inshootlari va stansiyalari, shuningdek, oqova suv tarmoqlarini yangilab, rekonstruksiya ishlarini boshlaymiz.
Xalqaro loyiha vakillari Samarqand tumanidagi Zaxlik qishlog‘idagi rekonstruksiya qilingan suv tozalash inshootida ham bo‘lib uning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Dilmurod To‘xtayev.
***
B.Mustanov olgan suratlar.