Samarqandda 158 ta ko‘p qavatli uy ta’mirlandi

Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda boshqarma boshlig‘i B.Negmatov 2020 yilda sohada amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi vazifalar haqida ma’lumot berdi.

- Viloyatdagi mavjud ko‘p qavatli uylarni 2020-2021 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida 1640 million so‘m kredit mablag‘lari ajratilib, shulardan 158 ta uyda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, - dedi B.Negmatov. - Natijada, uylarning 18 ming metr kvadrat tom qismi, 219 ta kirish yo‘lagi ta’mirlandi, 169 ta kirish eshiklari o‘rnatildi. 60 ta ko‘p qavatli uylarning muhandislik kommunikatsiyalari, 107 ta uyning fasad qismi ta’mirdan chiqarildi. 210 metr irrigatsiya tarmoqlari ta’mirlandi va 1,3 ming metr kvadrat uy atrofi obodonlashtirilib, beton bilan qoplandi.

Bundan tashqari, 8,2  milliard so‘m mablag‘ evaziga Samarqand shahridagi turistik marshrutda joylashgan 26 ta ko‘p qavatli uy ta’mirlandi. Viloyat hamda shahar va tumanlar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan 151 ta ko‘p qavatli uylarda ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Jumladan, Samarqand shahrida 59 ta, Nurobod tumanida 48 ta, Samarqand tumanida 17 ta, Oqdaryo va Payariqda 9 tadan, Paxtachida 6 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanida 2 ta ko‘p qavatli uylar mahalliy byudjet mablag‘lari hamda homiylar hisobidan ta’mirlandi va uy atroflari obodonlashtirildi.

Bugungi kunda viloyatda 5 ta markaziy, 9 ta mahalliy qozonxona mavjud. Shulardan 9 tasi nosoz holatda. Qozonxonalardagi jami 59 ta qozonning 26 tasi ishchi holatda, 33 tasi eskirgan.

Mavjud 131,8 kilometr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarining 40,8 kilometr qismi soz, 91 kilometr  uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari yaroqlilik muddati o‘tgan va foydalanib bo‘lmaydi. Bugungi kunda Samarqand va Nurobod shaharlaridagi 146 ta ko‘p kvartirali uylarga issiqlik energiyasi yetkazib berilmoqda.

Shuningdek, matbuot anjumani doirasida “Samarqand suv ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga press-tur tashkil etildi. Press-turda jamiyat rahbari K.Yusupov ommaviy axborot vositalari vakillariga viloyat aholisini ichimlik suv bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yildagi rejalari xususida ma’lumot berdi.

Jurnalistlar shuningdek, "Mo‘liyon" suv taqsimlash inshooti faoliyati bilan tanishdi.