“Samarqand suv ta’minoti” MChJ diqqatiga: Shaharda suv isrof bo‘lmoqda

Bundan uch kun oldin Samarqand shahar Ulug‘ Tursunov ko‘chasida ichimlik suv oqib yotgani haqida xabar berilgan edi. Mutasaddilarga “hech bo‘lmasa quvur yorig‘ini topib, yog‘och pona tiqib qo‘yish” da’vat etilgandi. Afsuski, “Samarqand suv ta’minoti” MChJda yog‘och tiqin ham topilmaganga o‘xshaydi. Hamon bu yerda sizib chiqayotgan suv ko‘chalarni yuvib turibdi.

Bugun shaharda yana bir xuddi shunday holatga guvoh bo‘ldik. Ko‘ksaroy maydoni (Viloyat “Asaka bank”i ro‘parasi)da chiqayotgan toza ichimlik suv behuda isrof bo‘lyapti.

Darvoqe, yaqindagina bitta suv hisoblagichning hujjatida (o‘zida emas) kamchilik bo‘lgani uchun 100 yillik jarima qo‘llanilgan tadbirkor haqida jurnalistlardan biri “Suvning qadri bor, iste’molchiniki yo‘qmi?” deya jon kuydirgandi.

Endi savol, hisoblagich hujjati emas, zilol suvning sutkalab, balki haftalab oqib yotgani uchun javobgarlikni kim gardaniga oladi?