Samarqandda oqova suv tizimi qachon to‘liq ishga tushadi?

«Samarqand suv ta’minot» MChJ tashabbusi bilan Samarqand shahar oqova suvlarni tozalash inshootida olib borilayotgan modernizatsiya, qurilish-montaj ishlari bilan tanishish maqsadida jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.

Bugungi kunda Samarqand shahridagi 3 ta oqova suv tozalash inshooti va 8 ta oqova suv nasos stansiyasiga 357 kilometr oqova suv tarmoqlari ulangan bo‘lib, shaharning yarim milliondan ziyod aholisining 73 foizi suv oqova tizimi bilan ta’minlangan. Samarqand tumani Zaxlik mahallasi hududidagi 36 gektar maydonda joylashgan mazkur asosiy inshoot esa 1964 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, bir sutkada 140 ming metr kub oqova suvni tozalab berish quvvatiga ega.

«Buxoro va Samarqand shaharlarining oqova tizimini rekonstruksiya qilish» investitsiya loyihasi uchun Jahon banki Xalqaro taraqqiyot uyushmasining qariyb 49 million AQSh dollari miqdordagi mablag‘lari ajratilgan. Mazkur suv tozalash inshootiga esa 10,5 million AQSh dollari sarflanib, Fransiya, Germaniya, Shvetsiya, Rossiya davlatlaridan zamonaviy asbob-uskunalar keltirilib, rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari olib borilmoqda.

- Hozirgi kunda tozalash inshootida 90 foiz qayta ta’mirlash ishlari bajarildi, - deydi Fransiyaning «Sade» muhandislik kompaniyasining loyiha menejeri Vasiliy Kenderez. - Birlamchi tindirgich, aerotenka, havo haydash inshooti, ikkilamchi tindirgich, kontakt hovuzlari va sanitariya binolari boshqa bir qancha inshootlar qayta ta’mirlandi. Loyihamiz to‘liq ishga tushgach, shaharning 80 ming nafardan ortiq aholi markazlashtirilgan kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlanib, sanitariya va epidemiologik holati yaxshilanadi, ta’minlanish darajasi esa 85 foizga yetadi.

Muhimi, Samarqand suv tozalash inshooti samaradorligi, energiya tejamkorligi va zamonaviy uskunalari bilan ta’minlangan. Eski inshoot oqova suvlarni 30-40 foizgacha tozalagan bo‘lsa, endi avtomatik tarzda biologik usul bilan to‘liq tozalanib, tabiiy suv havzalariga, jumladan, Qoradaryoga tashlanmoqda.

– Fransiyaning «Sade» muhandislik kompaniyasi ko‘p yillardan buyon yurtimizda suvlarni zararsizlantirish bilan bog‘liq qator loyihalarda ishtirok etib kelyapti, – deydi loyiha koordinatori Jahongir Qodirov. – Kompaniya mutaxassislari Ruminiya, Fransiya, Rossiya, AQSh kabi jahonning 74 davlatida faoliyat olib borib katta tajriba to‘plagan. Samarqandda ham yuqori samaradorlikka erishib kelmoqda.

Samarqand shahrining oqova suvlari «Geofiziklar» mahallasi hamda Farhod shaharchasidagi suv tozalash inshootlari orqali tozalanmoqda. «Geofiziklar» mahallasidagi inshoot 2018 yilda «Samarqand suv ta’minot» MChJ mablag‘lari hisobidan qisman rekonstruksiya qilingan bo‘lsa, quvvati kuniga 3 ming kub metr bo‘lgan Farhod shaharchasidagi suv tozalash ob’yekti mazkur investitsiya loyihasi doirasida rekonstruksiya qilingan.

Kuniga quvvati 140 ming kub metr bo‘lgan inshoot, hozirda 70 ming kub metr suvni qayta zararsizlantiryapti. Joriy yilning iyul oyida to‘la quvvat bilan ishga tushiriladigan ob’yektda so‘nggi qurilish-montaj va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Press-tur davomida jurnalistlar va blogerlar tomonidan berilgan savollarga soha mutaxassislari javob berishdi.

Dilmurod To‘xtayev,

Baxtiyor Mustanov (foto).