Oqova suv tizimlari markazlashtirilsa, muammolar yechim topadi
Prezidentimiz mamlakatimiz hududlariga tashriflari chog‘ida eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar qatori aholi uchun qulay yashash sharoiti yaratishga alohida e’tibor qaratadi. Xususan, davlatimiz rahbari 2019 yilning yanvar va iyul oylarida viloyatimizga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, shu jumladan, Urgut, Past Darg‘om, Jomboy, Paxtachi, Narpay tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida ko‘p qavatli uy-joylar qurish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlab, oqova suv tarmoqlarini rivojlantirish orqali munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan vazifalarni belgilab bergan edi.
Mazkur topshiriqlar asosida bugungi kunda viloyatimizda oqova suv tizimini rivojlantirish, sohadagi muammolarni zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda bartaraf etish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda Samarqand shahrida 80 ming nafardan ortiq aholi markazlashtirilgan kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlanib, sanitariya va epidemiologik holat yaxshilanadi. Shuningdek, Urgut, Paxtachi, Past Darg‘om tumanlarida oqova tizimlarini yaxshilash bo‘yicha ish olib borilmoqda. Buning uchun xalqaro moliya institutlarining 117,5 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘i ajratilgan. Unga ko‘ra hududlarda 9 ta oqova suvlarini tozalash inshooti, 185 kilometrdan ortiq oqova tarmoq qurish rejalashtirilgan.
O‘tgan yili Paxtachi tumanida qariyb 7 kilometr oqova tarmoqlari va tozalash inshooti qurilib bitkazilib, zamonaviy hamda energiya tejamkor uskunalar o‘rnatildi.
Yaqingacha Urgut tumani markazidagi ko‘p qavatli uylar, ayniqsa, iqtisodiy zonada joylashgan o‘nlab ishlab chiqarish korxonalarining oqova suvlari Do‘stlik mahallasida joylashgan 6 ta maxsus hovuzlarga tashlab kelingan.
- Aholi tomonidan mazkur hovuzlarning atrof-muhitni ifloslantirib kelayotganligi to‘g‘risidagi murojaatlaridan so‘ng hovuzlarning beshtasi yopib yuborildi, - deydi “Samarqand suv ta’minoti” MChJ Urgut tuman bo‘limi boshlig‘i Oybek To‘xtayev. - 2018 yildan boshlab tumanimiz oqova suv tarmoqlarini yangilashga kirishildi. Jumladan, Sariqtepa massividagi qo‘p qavatli uylar va korxonalar uchun qariyb 3 kilometrga yaqin oqova suv tarmog‘i tortilib, 2 ta 200 metr/kub li tozalash inshootlari-konteynerlar o‘rnatildi. Shuningdek, Urgut shahri markazida joylashgan korxona-tashkilotlar uchun 6,7 kilometr oqova tarmog‘i o‘tkazildi. Bugungi kunda tuman markazidagi 30 ga yaqin korxona, tashkilot va aholi xonadonlari mazkur xizmatdan foydalanmoqda.
- Qishlog‘imizda joylashgan tamakini qayta ishlovchi korxonaning kanalizatsiya hovuzlaridan tarqalayotgan badbo‘y hidga toqat qilib bo‘lmasdi, - deydi Do‘stlik mahallasi Boyguzar qishlog‘ida yashovchi Islom aka. – Natijada aholi orasida turli yuqumli kasalliklar paydo bo‘lgandi. Ayrim korxona va tashkilotlar hozir ham o‘z oqovalarini Urgut shahridan oqib o‘tadigan beton kanalga tashlashadi. Bu esa aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
«Suv ta’minoti va oqova suv ob’yektlari qurilishi bo‘yicha Injiniring kompaniyasi» DUK viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan Mergancha massivida qurilayotgan ko‘p qavatli uylar uchun 8 kilometrdan ziyod oqava suv tarmog‘i tortilib, hududda barpo etilgan 6 ta tozalash inshootiga ulandi. Mirzaqishloq mahallasiga o‘rnatilgan 2 ta yangi 500 m3 tozalash inshootlari ko‘p qavatli uy-joylardan chiquvchi oqova suvlarni qayta ishlamoqda. Buning uchun 3,5 kilometr masofaga tarmoq tortildi.
Jami 17 milliard 352 million so‘m mablag‘ ajratilgan loyihalar asosida qurilgan oqova tarmoqlari va tozalash inshootlariga Turkiya texnologiyalari asosida ishlaydigan zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan.
Tez orada Urgut va Toyloq tumanlari o‘rtasidan o‘tuvchi Darg‘om kanali yonida ham yirik oqova suvni tozalash inshooti qurish ishlari boshlanadi. Unga Mirzaqishloq tozalash inshootidan tortib kelinadigan 8 kilometrlik oqova suv tarmog‘i ulangach, tumanda mazkur tizimidagi qator muammolarga ham yechim topiladi.
Dilmurod To‘xtayev.