Samarqand shahrining oqova tizimlari qachon rekonstruksiya bo‘ladi?

Jahon bankining kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan “Buxoro va Samarqand shaharlari oqova suv tozalash inshootlari va oqova tizimlari rekonstruksiyasi” loyihasi doirasida Samarqand viloyatiga 49,3 million dollar mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan.

Ushbu mablag‘lar hisobidan 2 ta oqova suv tozalash inshooti, 3 ta oqova suv nasos stansiyasi va 60,2 kilometr tarmoqlar qurish hamda rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi belgilangan.

Viloyat «Suvoqova» unitar korxonasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kungacha Farhod oqova suvlarini tozalash inshooti, va 56,1 kilometr oqova suv tarmoqlari qurilish ishlari amalga oshirilgan. Joriy yilning sentyabr oyi yakuniga qadar yana 4,1 kilometr oqova suv tarmoqlari quriladi.

Shuningdek, loyiha doirasida 2020 yilning iyun oyiga qadar Samarqand shahar oqova suvlarini tozalash inshooti qurilib va 3 ta oqova suv nasos stansiyalari rekonstruksiya qilinadi.

Mazkur loyiha bo‘yicha iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan Samarqand shahrida qo‘shimcha 3 ta KNS - oqova suv nasos stansiyasi va 45 kilometr kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirganmiz.

Ayni paytda loyihalashtirish korxonasini aniqlash uchun tanlov jarayonlari o‘tkazilmoqda. Avgust oyida loyihalashtirish korxonasi tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish boshlanadi.

Ushbu ishlar natijasida, Samarqand shahrida 80 ming nafardan ziyod (85 foiz) aholi markazlashtirilgan kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlanadi.