Samarqanddagi gastronomik ko‘chani suv bosdi

Yaqinda katta tantanalar bilan ochilgan va Samarqanddagi ilk “gastronomik ko‘cha”, deb e’tirof etilgan Orzu Mahmudov ko‘chasini suv bosdi.

Yaxshiyam, hozir turistik mavsum emas va shaharda sayyohlar deyarli yo‘q. Yo‘qsa, ular biz maqtanayotgan “gastronomik ko‘cha”miz haqida qanday tasavvurda bo‘lishardi.

Mazkur holat jamoatchilikni ham befarq qoldirmadi. Jumladan, viloyat Kengashi deputati Narziqul Xoliqov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida quyidagi fikrlarni bildiribdi:

“Komunal tashkilotlar shahar ko‘chalarini yangi asfalt qoplanishidan oldin kabel va quvurlarini yangilashi vaqti kelmadimi? Qachongacha yangi qoplangan asfalt qoplamasi, quvurlar yoki kabellar avariyasi oqibatida kovlanib sifati buzilaveradi?

Shu bilan bir qatorda ushbu tashkilotlar mutaxassislari har kuni shaharning markaziy ko‘chalarini kamida bir marta aylanib chiqib, mavjud muammolarni zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rishlari zarur va shart!”.