Samarqanddagi nasos stansiyalari Germaniya kompaniyasi bilan hamkorlikda qayta jihozlanadi

Viloyat hududidagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi balansida 94 ta nasos stansiyasi mavjud bo‘lib, ularda 376 ta dvigatel va nasos o‘rnatilgan. Yillik sarflanadigan elektr energiya iste’moli 191 million kVt yoki 85 milliard so‘mni tashkil etadi.

Viloyat moliya boshqarmasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etilishicha, byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish hamda iqtisod qilish maqsadida 2021 yil tajriba sifatida, Samarqand tumanida joylashgan “Guliston-1” va “Guliston-2” nasos stansiyalarida Germaniyaning “Grundfos Pompa San” kompaniyasi bilan hamkorlikda 271,1 ming yevroga elektr tejamkor 2 ta nasos stansiyasi o‘rnatiladi.

Ushbu nasos stansiyalari uchun keyingi 2 yilda 7,2 million kVt yoki 3 milliard 248 million so‘mlik elektr energiyasi sarflangan. “Grundfos Pompa San” kompaniyasi tomonidan o‘rnatilishi ko‘zda tutilayotgan dvigatel va nasoslar elektr energiyasi sarfini kamida 50 foizga kamaytiradi. Bu bir yilda o‘rtacha 812 million so‘m mablag‘ iqtisod qilinadi, degani.