“Suvoqava” xizmatlarning yagona billing tizimini joriy etmoqda
Samarqand viloyati “Suvoqava” DUK hamda “Intellekt” MChJ o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining suv ta’minoti va oqava xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalariga yagona avtomatlashtirilgan billing tizimi tatbiq qilingan.
Ushbu tizimning uzluksiz ishlashi va undan foydalanishda texnik qo‘llab-quvatlash, shuningdek, kuzatish xizmatlari shartnomasiga asosan joylarda tizimdan foydalanuvchilarni o‘qitish, mavjud muammolarni o‘rganib, bartaraf qilish hamda talab qilingan masalalar bo‘yicha yo‘llanmalar berish kabi masalalar yuzasidan o‘quv tashkil etildi.
Samarqand viloyati “Suvoqava” DUK va shahar, tuman filiallarining avtomatlashtirilgan billing tizimida ishlovchi ma’sul operatorlari uchun 2020 yilning yanvar oyi mobaynida o‘quv seminarlari o‘tkazildi.
O‘quvlar jarayonida operatorlarga tashkilotlar bilan ishlash, yangi abonent qo‘shish, tahrir qilish, o‘chirish, hisoblagich ko‘rsatkichlari va hisob-fakturalarini tuzish bo‘yicha tushunchalar berildi.
Bundan maqsad - tizimdagi har bir jarayon va olib borilayotgan ishlarni elektron tartibga o‘tkazish, hisobotlarni tezda shakllantirish, ulardan to‘g‘ri foydalanish, elektron pul to‘lov tizimlaridan foydalanish, tushgan mablag‘larni qisqa vaqtlarda ko‘rib borishdan iborat.
O‘quv-tushuntirish ishlari mobaynida operatorlar avtomatlashtirilgan billing tizimidan foydalanish bilan bog‘liq savollariga javob olishdi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur billing tizimidan foydalanish natijasida xodim hamda abonentlarning vaqti tejaladi, ortiqcha ovoragarchilikka yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilgan.
Samarqand viloyati “Suvoqava” DUK matbuot xizmati.