Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat: 16 ta litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi
Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (PF-8, 9.01.2024 y.) farmoniga ko‘ra, tadbirkorlarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida joriy yil 1 martdan boshlab 16 ta litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi.
Xo‘sh, mazkur farmon bilan tadbirkorlarga qanday qulayliklar yaratilmoqda?
- Farmonga ko‘ra, 7 turdagi ruxsat beruvchi hujjat to‘liq, 6 turdagi ruxsat beruvchi hujjat birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadi, - deydi Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining yetakchi inspektori Jasur Tursunov. - 3 ta litsenziya va ruxsatnoma xabarnoma tartibiga o‘tkaziladi. Buning natijasida tadbirkorlarning 26 mlrd. so‘m mablag‘lari tejab qolinadi.
Shuningdek, farmon bilan tadbirkorlarga bir qator qulaylik yaratilmoqda. Jumladan, endilikda chiqish turizmini amalga oshirmoqchi bo‘lgan tadbirkor 15 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larni Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yishi shart emas. Yoki bo‘lmasa transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish faoliyatini tashkil qilmoqchi bo‘lgan sub’yektning joyi yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan belgilanishi shart bo‘lmaydi.
Ayni kunlarda shu kabi imkoniyatlarni tadbirkorlarga yetkazish maqsadida tegishli mas’ul tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda joylarda o‘quv-seminarlar tashkil etyapmiz. Shunday tadbirlardan biri Oqdaryo tumanida o‘tkazildi.